add

Sud birovning avtoraqamini taqib qariyb 1000 marta qoida buzgan sobiq «oper»ga hukm o‘qidi

19.08.2025 | 19:2023834

Sud hukmiga ko‘ra, I.X. begona odamga tegishli davlat avtoraqamini qonunga xilof ravishda shaxsiy avtomobillarga o‘rnatgan. Ammo u yetkazgan zarar va qoidabuzarliklar sudda tasdiqlanmadi.

Sud birovning avtoraqamini taqib qariyb 1000 marta qoida buzgan sobiq «oper»ga hukm o‘qidi
2025 yil 7 avgust kuni Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida Toshkent shahar Uchtepa tumani IIO FMB tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili (oper) lavozimida ishlagan I.X.ning jinoyat ishi yuzasidan qaror chiqarildi. U 2023 yilda «Chevrolet Optra» avtomobildan yechib olingan 01 L 508 GB davlat avtoraqamini o‘z ehtiyoji uchun qonunga xilof ravishda ishlatgani aniqlandi. Raqamni DYHXX rasmiy organlariga topshirmasdan, turli shaxsiy avtotransport vositalariga taqib, 2024 yil noyabrigacha harakatlangan. Tergov materiallariga ko‘ra, shu raqamni taqib harakatlangan avtomashinalarda 685 mln so‘m jarimaga tortiladigan 994 bor turli qoidabuzarliklar sodir etilgan. Tergov organlari I.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 227-moddasi (davlat raqamini qonunga xilof egallash) bo‘yicha ish ochdi. Biroq sudda ma’lum bo‘lishicha, davlat avtoraqami 2022 yilda emas, balki 2023 yil oktyabrda olingan. Shuning uchun 2022 yildan hisoblangan qoidabuzarliklar asossiz, deb topildi. Sud tergov tomonidan qoidabuzarliklar bo‘yicha rasmiy ro‘yxat va qarorlar taqdim etilmaganini ham qayd etgan. Natijada, sud 205-modda bo‘yicha ayblovni ishdan chiqardi. Ammo 227-modda 1-qismi asosida (davlat raqamidan noqonuniy foydalangani uchun) I.X. aybdor deb topildi. Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, uning oilaviy ahvoli va sog‘ligi yengillashtiruvchi holat sifatida baholangan, g‘arazli niyati esa og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholandi. Sud unga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. 01 L 508 GB raqami YHXBga qaytarilishi, hujjatlar va disklar esa ish materiallari bilan saqlanishi belgilandi. Ammo avtoraqam taqib sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun millionlab jarimani endi kim to‘lashiga sud oydinlik kiritmagan.

Teglar

Mavzuga oid