
Sun’iy intellekt tashxis qo‘yishda shifokorlardan ustun kelmoqda
28.05.2025 | 19:1545713
Garvard va Stenford olimlari tadqiqotiga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlari shifokorlarga nisbatan tashxisda yuqori aniqlikka ega. Bu ayniqsa favqulodda holatlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Garvard va Stenford universitetlari tadqiqotchilari o‘tkazgan qo‘shma tadqiqot natijalari sun’iy intellekt (SI) tizimlari tibbiyotda, xususan, tashxis qo‘yish sohasida yuqori samaradorlikka ega ekanini tasdiqladi. Olimlarning fikricha, SI inson omillaridan xalos holda tezkor va aniq qarorlar qabul qilish qobiliyati bilan ajralib turadi.
Tadqiqot doirasida reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan bemorlarning holati tahlil qilindi. Sun’iy intellekt 79,7 foiz holatda to‘g‘ri tashxis qo‘ygan bo‘lsa, shifokorlar natijasi 75,9foizni tashkil etdi. Ayniqsa, vaqt kamligi va bemorning tibbiy tarixi bilan tanishish imkoni cheklangan vaziyatlarda SI samaradorligi aniq ko‘rindi.
Olimlar ta’kidlashicha, tibbiyotdagi o‘lim holatlarining taxminan 10 foizi noto‘g‘ri tashxislar bilan bog‘liq. Shunday sharoitda sun’iy intellekt texnologiyalarini tibbiy amaliyotga joriy etish bu ko‘rsatkichni pasaytirishga yordam beradi va tibbiy xizmat sifatini yaxshilaydi.
Shu bilan birga, mutaxassislar SI shifokorlarning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini, balki ularning ishonchli yordamchisi sifatida tashxis jarayonida inson xatolarini kamaytirishda xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Tadqiqot tibbiyotda raqamli texnologiyalarning roli tobora o‘sib borayotganini va ular inson hayoti uchun muhim bo‘lgan sohalarda samarali yechim taklif etayotganini yana bir bor isbotladi.





