add

Suriyada Asad ag‘darilgandan keyin ilk parlament saylovlari o‘tdi, lekin barcha viloyatlarda emas

06.10.2025 | 09:0310705

Yakshanba kuni Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan chetlatilgandan keyingi ilk parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Biroq Raqqa, Hasake va Suvayda viloyatlarida xavfsizlik sababli saylovlar vaqtincha kechiktirildi.

Suriyada Asad ag‘darilgandan keyin ilk parlament saylovlari o‘tdi, lekin barcha viloyatlarda emas
Bu saylovlar uzoq yillar davom etgan kechikishlar va ularning adolatliligi bo‘yicha shubhalar fonida o‘tmoqda. Yangi tuzilayotgan Xalq Majlisi qonunchilik organi vazifasini bajaradi, biroq unga to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish ko‘zda tutilmagan — 210 deputatning uchdan ikki qismi maxsus «saylov kolegiyalari» orqali tanlanadi, qolganlarini vaqtinchalik prezident Ahmad ash-Shar’a tayinlaydi. Bashar Asad o‘tgan yil dekabrida 13 yillik fuqarolik urushi ortidan isyonchi kuchlar tomonidan ag‘darilgandi. Undan keyin mamlakatda o‘tish davri boshlanib, siyosiy tizim qayta qurilayotgan edi. Biroq mamlakatning uch viloyati — kurdlar nazoratidagi Raqqa va Hasake hamda hukumat kuchlari bilan druz partizanlari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etayotgan Suvaydada saylovlar xavfsizlik sababli o‘tkazilmayapti. Ahmad ash-Shar’a BMT Bosh Assambleyasining o‘tgan haftadagi yig‘ilishidagi chiqishida Asad rejimi davridagi qon to‘kish va jinoyatlar uchun javobgarlik bo‘ladi, deb va’da berdi. Uning ta’kidlashicha, Suriya «yangi davlat qurish, barcha fuqarolar huquqlarini ta’minlaydigan qonun va institutlar yaratish yo‘lida tiklanmoqda». Saylovlarni iyun oyida tayinlangan 11 nafar a’zodan iborat Oliy saylov qo‘mitasi nazorat qilmoqda. Saylov okruglari 2010 yilgi aholi ro‘yxati ma’lumotlariga asoslanib belgilangan, o‘sha vaqtdan beri mamlakatdagi 600 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan va 12 million kishi uy-joyini tark etgan. Hozircha 60 ta okrugdan 50 tasida saylovlar o‘tmoqda, ularda taxminan 120 deputat saylanadi. Qolgan 70 o‘rinni prezident shaxsan tayinlaydi. Nomzod sifatida 1500 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda, lekin Asad rejimi tarafdorlari va terrorchi tashkilotlar bilan bog‘liq shaxslar ishtirok etish huquqidan mahrum qilingan. Ayollar ulushi kamida 20 foizni tashkil etishi lozim, biroq parlamentda ayollar yoki etnik va diniy ozchiliklar uchun alohida kvotalar belgilanmagan. Sentyabr oyida Suriyaning 14 ta fuqarolik tashkiloti saylov jarayonida prezidentning bevosita ta’siri borligidan xavotir bildirdi. Ular bayonotida shunday deyilgan: «Bunday tizim parlamentni ijro hokimiyatiga bo‘ysundirib, xalq irodasini aks ettirmaslik xavfini tug‘diradi. Bu saylovlar, aslida, demokratik mohiyatdan mahrum ramziy jarayon bo‘lib qolmoqda».

Teglar

Mavzuga oid