Talabalar o‘rtasida «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi

Bugun 12:302 daqiqa

Mukofot uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 mlrd so‘m ajratiladi.

Talabalar o‘rtasida «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi

«Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) qabul qilindi.

Hujjarga muvofiq, 2026 yildan boshlab O‘zbekistonda startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash maqsadida «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi har yili o‘tkaziladi. Tanlov davlat oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladi va g‘oliblarga 100 mln so‘m miqdorida grant beriladi.

Qarorga ko‘ra, respublika bosqichi 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 10 mlrd so‘m etib belgilangan.

Shu bilan birga, 2026 yil 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalarida «Oliygohlar – startaplar generatori» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari tashkil etiladi.

Talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka hamda almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu yosh tadqiqotchilar va startap tashabbuskorlarining xalqaro tajriba orttirishiga zamin yaratadi.

Qarorga muvofiq, oliy ta’lim muassasalariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va akseleratorlar orqali har bir loyiha uchun 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi. Shuningdek, akseleratorlarda «startap menejer» va «startap treker» lavozimlari Innovatsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkazilishi haqida habar berilgan edi. Tanlovning tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot puli beriladi.

Teglar

Mavzuga oid