add

Tamagirlikka uringan soliq inspektorlari ushlandi

Bugun 15:272 daqiqa

Nukusda tadbirkordan pora talab qilgan mansabdor shaxslar fosh etildi va ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tamagirlikka uringan soliq inspektorlari ushlandi

Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qonunga xilof bosim o‘tkazish holatlariga barham berish bo‘yicha navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonadan pora talab qilgan mansabdorlar qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining ikki nafar bosh inspektori Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatni tekshirish davomida 213 million so‘m miqdorida soliq qonunchiligi buzilgani go‘yo aniqlanganini bildirgan. Ular ushbu summani 34 million so‘mgacha kamaytirib berish evaziga korxona rahbaridan 2 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tadbirkorning murojaati asosida holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritildi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida soliq inspektorlari pora mablag‘ining bir qismini olayotgan paytda qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, tamagirlik yo‘li bilan 700 AQSH dollari hamda 15 million so‘m pul mablag‘i sobiq soliq idorasi xodimi orqali vositachilik asosida olingan.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur noqonuniy harakatlarga zudlik bilan chek qo‘yildi. Tekshiruvlar davomida ushlangan shaxslarning harakatlari oldindan kelishilgan tarzda amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda uch nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha qonun doirasida qat’iy huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid