
Telegram messenjerida faktlarni tekshirish funksiyasi ishga tushirildi
30.06.2025 | 09:0039993
Telegram messenjerida postlar haqiqatga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha avtomatik ravishda belgilar qo‘yishni nazarda tutuvchi yangi funksiya – faktlar tekshiruvi ishga tushirildi. Bu haqda «Vedomosti» nashri xabar berdi.

Endi Telegram kanallaridagi shubhali ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan xabarlarga «Faktlarni tekshirish» belgilari qo‘shiladi. Masalan, «Panorama» yumoristik nashrining Telegram’dagi We TON kanalidagi «Telegram Rossiyani tark etadi», deya berilgan xabar ostida messenjer tomonidan «Mazkur axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi — Pavel Durov bunday bayonot bermangan» ogohlantiruvchi yozuv qo‘yilgan.
Ushbu ogohlantirish Telegram’ning o‘zi tomonidan taqdim etilgani ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, bu xizmat messenjerning Android tizimi uchun 2024 yilda paydo bo‘lgan beta-versiyasida sinovdan o‘tkazilgan edi. «Kod Durova» kanalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, messenjer bu yo‘nalishda professional faktchek agentliklari bilan hamkorlik qila boshlagan.
Shuningdek, messenjer rasman bu funksiya haqida hozircha maxsus bayonot bermagan. Telegram asoschilaridan biri Pavel Durov shu yil aprel oyida messenjer biror marta ham shaxsiy xabarlar ma’lumotlarini ochmaganini, so‘rov bo‘lsa ham shifrlash tizimini buzmaganini va buni kelajakda ham qilmasligini alohida ta’kidlagan.





