
Tezkor gidrometeorologik axborot: O‘zbekistonga 46 darajagacha issiq havo kirib keladi
30.06.2025 | 22:402872
2–5 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 44–46 darajagacha ko‘tarilishi, shuningdek, kuchli shamol va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi joriy yilning 2–5 iyul kunlari uchun tezkor ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu kunlarda mamlakat hududiga janubiy yo‘nalishdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda.
2 iyul kuni respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida harorat 40–43 darajaga yetishi mumkin. 3–5 iyul kunlari esa mamlakatning katta qismida havo harorati 43 darajadan oshib, ayrim cho‘l va janubiy hududlarda 44–46 darajani tashkil qilishi taxmin qilinmoqda.
Kunduzgi vaqtlarda shamol tezligi 13–18 m/s ni tashkil etishi, 3–5 iyul kunlari ayrim hududlarda 20–25 m/s gacha kuchayishi mumkinligi aytilmoqda. Shamol ta’sirida ayrim joylarda chang‘-to‘zonlar kuzatilishi ham ehtimoldan xoli emas.





