Toshkent hokimligi pulli parkovka uchun yashil hududlarni sotmoqchi
Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov chiqargan qarorda bu obyektlardagi yer uchastkalarining auksiondagi narxi qancha bo‘lishi belgilandi. Avtoturargohda har bir avtomobildan olinishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning 15 foizi davlat sherigiga, 5 foizi esa «Pulli to‘xtash joyi» operatoriga o‘tkazib beriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarToshkent shahar hokimligi poytaxtning qoq markazida — Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning orqa hududida joylashgan 1,3 gektarlik yer uchastkasida (yashil zonada) davlat-xususiy sheriklik asosida avtoturargoh qurishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov tegishli qaror chiqardi.
Qarorda 3 ta obyekt tilga olingan. Birinchi obyekt Yunusobod tumanining «Qashqar» MFY Istiqlol ko‘chasida joylashgan yer maydoni bo‘lsa, ikkinchisi Chilonzor tumani «Katta Do‘mbirobod» MFY Gavhar ko‘chasi, uchinchisi Chilonzor tumani «Beshqo‘rg‘on» MFY Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan.
Birinchi obyekt Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning orqa hududida joylashgan va ana shu yer uchastkasi 514 mln 228 ming so‘m bilan elektron auksionga chiqariladi. Bu joy Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi, Mustaqillik maydoni va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan mutanosib ravishda o‘ralgan hududdir. U yer to‘liq ko‘kalamzorlashtirilgan. Yer uchastkasini 10 yil muddatga oladigan xususiy sherik 10 mlrd so‘mlik investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi. Shartlarga ko‘ra, avtoturargohda har bir avtomobildan olinishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning 15 foizi davlat sherigiga, 5 foizi esa «Pulli to‘xtash joyi» operatoriga o‘tkazib beriladi.
Hokimning qaroriga jamoatchilik faoli Qobil Xidirov shunday munosabat bildirdi:
«Texnik shartlarda avtoturargoh bilan birga, «xiyobon tashkil qilish» rejasi ham ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu shunchaki ko‘zni shamg‘ala qilishdan boshqa narsa emas, deb o‘ylaymiz. Shundoq ham xiyobon u yerlar».
Ikkinchi va uchinchi obyektlardagi yer uchastkalari esa 932 mln 867 ming so‘mlik boshlang‘ich qiymatda yagona lot asosida «E-auksion» elektron savdo platformasida ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu joylarni 10 yilga ijaraga oladigan esa 5 mlrd so‘m investitsiya kiritishi lozim.
Loyihani amalga oshirishda «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ davlat sherigi hisoblanadi va unda davlat xususiy sheriklik obyektini hokimlik nomidan bitimga muvofiq xususiy sherikka vaqtincha foydalanishga berish bo‘yicha vakolat bo‘ladi. Tushadigan pullar hokimlik huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.





