Logo

Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati bo‘yicha qonun Senatdan o‘tmadi

Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni qayta ishlash uchun Qonunchilik palatasiga qaytardi.

Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati bo‘yicha qonun Senatdan o‘tmadi © Vaqt.uz

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi. Muhokamalar yakunlari bo‘yicha hujjatni qabul qilish emas, balki uni takomillashtirish uchun Qonunchilik palatasiga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qonun loyihasi O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish va zamonaviy moliyaviy infratuzilmani shakllantirish uchun huquqiy asos yaratishni nazarda tutadi.

Hujjatda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, vakolatlari va institutsional tuzilmasi belgilangan.

Shuningdek, markaz hududida faoliyat yurituvchi investorlar uchun huquqiy barqarorlik va sud himoyasi kafolatlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Muhokama davomida senatorlar qonunning bir qator normalariga aniqlik kiritish zarurligini ta’kidladi. Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yiladigan talablar, sud vakolatlari hamda xalqaro arbitraj ishlarini ko‘rib chiqish tartibi qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, sudning ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish va qonunlarga sharh berish bilan bog‘liq vakolatlari ham qo‘shimcha muhokamalarni talab qilishi ta’kidlandi.

Senatorlar fikricha, mazkur normalarni yanada aniqlashtirish investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish va bo‘lajak moliya markazining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Kelishuv komissiyasi tuziladi

Muhokamalar natijasida qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytarish haqida qaror qabul qilindi.

Shu maqsadda Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi tuziladi. Komissiya ishiga manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar vakillari ham jalb etiladi.

Eslatib ўтамиз, mazkur qonun 2-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan edi. Loyihaga muvofiq, Toshkent xalqaro moliya markazi hududida Angliya va Uels huquqi qo‘llanilishi hamda alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid