Toshkentda «aqlli bekatlar» joriy etiladi

Bugun 14:152 daqiqa

Yangi bekatlar xavfsizlik, qulaylik va raqamli xizmatlarni birlashtirgan holda jamoat transportini yangi bosqichga olib chiqadi.

Toshkentda «aqlli bekatlar» joriy etiladi

Toshkent shahrida jamoat transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida «aqlli bekatlar»ni o‘rnatish ishlari yaqin kunlarda boshlanadi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi uchun xavfsiz va qulay transport muhitini yaratish.

«Aqlli bekatlar»dagi qulayliklar

Yangi bekatlar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, har bir bekatga markazlashgan kuzatuv tizimiga ulangan ikkita videokamera o‘rnatiladi. Shuningdek, favqulodda holatlarda foydalanish uchun maxsus SOS tugmasi joriy etiladi.

Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun alohida kutish joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa jamoat transportidan foydalanishni yanada inklyuziv va barcha uchun qulay qiladi.

«Aqlli bekatlar»da raqamli xizmatlar ham yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, avtobuslar harakati haqida ma’lumot beruvchi elektron monitorlar o‘rnatiladi. Shu bilan birga, tezkor xaridlar uchun vending qurilmalari ham joylashtiriladi.

Hozircha ushbu bekatlar qaysi hududlarda o‘rnatilishi aniq emas. Mas’ul idoralar bu haqdagi batafsil ma’lumotlarni yaqin vaqt ichida e’lon qilishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, mazkur tashabbus poytaxtda e’lon qilingan «Dolzarb 90 kunlik» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, tirbandliklarni kamaytirish va transport tizimini kompleks ravishda rivojlantirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda jamoat transporti bekatlari hududida joylashgan barcha savdo obyektlarini bosqichma-bosqich olib tashlash rejalashtirilmoqda. Poytaxt ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida bekat majmualarida jami 110 ta savdo obyekti faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, 110 ta savdo nuqtasidan 61 tasi bekat majmuasi hududidan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan edi.

Teglar

Mavzuga oid