Toshkentda gumanoid robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi
Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihaga 70 mln dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Korxona 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.
© ISSVToshkent shahrida gumanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurilishiga start berildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Korxona qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi 15-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Yangi Avlod» sanoat zonasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon hamda Robotis kompaniyasi prezidenti Kim Byong Su ishtirok etdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi korxona yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajribani jalb etish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Loyiha O‘zbekistonda robototexnika sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslardan biri sifatida baholanmoqda.
«O‘zeltexsanoat» uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 70 mln dollarni tashkil etadi. Zavod 10 gektar maydonda quriladi va 2 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Rasmiylar ushbu loyihani O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda robototexnika sohasining yetakchi markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabr oyida Robotis kompaniyasi va «O‘zeltexsanoat» uyushmasi robototexnika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Hujjat O‘zbekistonda texnologik baza va ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish, shuningdek, sohada malakali mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi.





