
Toshkentda import go‘sht narxi iyun oyida 10 foizgacha oshdi
02.07.2025 | 12:2043014 daqiqa
Iyun oyida Toshkent shahrida sovitilgan import mol va qo‘y go‘shti narxi 3,5 foizdan 9,4 foizgacha qimmatlashdi. Import hajmi keskin oshganiga qaramay, ichki bozorda go‘sht narxlari o‘sishda davom etmoqda.

Iyun oyi davomida Toshkentning Shayxontohur tumanida joylashgan «Eski Juva» bozorida sovitilgan import mol va qo‘y go‘shti narxi sezilarli darajada oshdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2 iyundan 30 iyungacha go‘sht narxi 3,5 foizdan 10 foizgacha ko‘tarilgan.
Ayniqsa, qo‘y go‘shti narxi ko‘proq o‘sdi. Iyun oyi boshida 82-95 ming so‘m bo‘lgan qo‘y go‘shti narxi oy oxiriga kelib 85-105 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Import mol go‘shti narxi esa 79-85 ming so‘mdan 80-88 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Qo‘y bo‘yni va qovurg‘a go‘shti ham oy davomida 3,7 foizdan 5,9 foizgacha oshdi.
Eng yuqori o‘sish import qo‘y go‘shtida qayd etildi — bir kilogrammi narxi oy boshida 94-96 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, oy oxirida 100-105 ming so‘mga yetgan. Bu 9,4 foizlik qimmatlashishni ko‘rsatmoqda.
Garchi go‘sht importi hajmi sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, narxlar pasayish o‘rniga o‘sishda davom etmoqda. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylarida go‘sht mahsulotlari importi 38,5 foizga o‘sgan. Ayniqsa, mol go‘shti importi 50 foizga ko‘paygan, qo‘y go‘shti importi esa qariyb uch barobar oshgan. Shu bilan birga, import qo‘y go‘shtining kilogramm narxi deyarli 2,5 barobar arzonlashgan.
Tovuq go‘shti import hajmi 2,5 foizga pasaygan bo‘lsa-da, umumiy xarid uchun sarflangan mablag‘ 3 foizga ko‘paygan. Bu esa bozorda go‘sht mahsulotlari narxlarini nazorat qilish va barqarorlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.





