add

Toshkentda IV Xalqaro investitsiya forumi boshlandi

Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiya platformasi — IV Xalqaro investitsiya forumi ish boshladi. Forumda 8 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, 100 mamlakatdan 3 mingdan ziyod xalqaro mehmon ishtirok etmoqda va 30 mlrd dollarlik loyihalar taqdim etilmoqda.

Toshkentda IV Xalqaro investitsiya forumi boshlandi
2025 yil 9 iyun kuni Toshkent shahrida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi (TXIF) o‘z ishini boshladi. Ushbu forum mintaqaviy investitsiya kun tartibining asosiy tadbiri sifatida xalqaro sarmoyadorlar, hukumat vakillari, moliya institutlari va yirik biznes sub’ektlarini birlashtirmoqda. Bu yilgi tadbir ilgari kuzatilmagan keng ko‘lamda tashkil etildi. Investitsiya foydasi yuqori bo‘lgan sohalar — energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat tarmoqlarida umumiy qiymati 30 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan loyihalar taqdim qilinmoqda. Forumda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon va Turkmaniston hukumat rahbarlari hamda YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki rahbari Dilma Rusef ishtirok etmoqda. Forum doirasida birinchi marta O‘zbekiston sanoat va investitsiya salohiyatini to‘liq namoyon etuvchi milliy ko‘rgazma tashkil etildi. Unda 90 ta mahalliy kompaniya o‘z loyihalarini taqdim etib, neft-kimyo, qurilish, oziq-ovqat va mashinasozlik sohalaridagi imkoniyatlarni ko‘rsatmoqda. Tadbirda CNN, The Guardian, ZDF, Euronews, Al Jazeera kabi yetakchi xalqaro OAV vakillaridan iborat 114 nafar jurnalist qatnashmoqda. Bu O‘zbekistonning ochiq investitsion muhit sifatidagi imiji mustahkamlanayotganini anglatadi. Forumning rasmiy hamkorlari ham kengaygan. Acwa Power, Uzum, Koc Construction va Yandex Uzbekistan platina homiylar sifatida, Ipoteka Bank, RWB va Vision Invest esa oltin homiylar sifatida ishtirok etmoqda. Kumush homiylar qatorida Coca-Cola, Halyk Bank, PwC va boshqalar bor.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda IV Xalqaro investitsiya forumi boshlandi | Vaqt.uz