
Toshkentda Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etiladi
19.09.2025 | 12:0014962
Ta’lim faoliyati 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanib, talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Prezident qarori bilan Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
— muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llay oladigan, chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
—muhandislik sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish.
Universitetda ta’lim faoliyati 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Filialga talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan Moskva davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.





