add

Toshkentda «soxta bank xodimlari» fosh etildi

02.07.2025 | 10:2020693

Toshkentda yirik miqdorda firibgarlikka uringan shaxslar qo‘lga olindi. Ulardan biri o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, 3 mln dollarlik kredit olib berishni va’da qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkentda «soxta bank xodimlari» fosh etildi
Toshkent shahrida savdo bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari bo‘lgan, avval sudlangan 1979 yilda tug‘ilgan ayol yirik firibgarlikda gumon qilinmoqda. U Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanish mansabdorlari orqali bankdan 3 mln dollar miqdorida maqsadsiz kredit olib berishni va’da qilgan. Evaziga kredit summasining 33 foizini, ya’ni 990 ming dollar talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs oldindan 150 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergov davomida ushbu noqonuniy sxemaning bosh tashkilotchisi ham aniqlangan. Urganch shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroga kredit mablag‘ini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U ham protsessual tartibda qo‘lga olingan. Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularning har ikkalasiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Mazkur holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid