add

Toshkentdagi «Sosiskaxona» bekati tanqidlar ostida qoldi: peshlavha olib tashlandi

28.05.2025 | 18:4045943

Toshkentdagi Temir yo‘l texnikasi muzeyida joylashtirilgan «Sosiskaxona» nomli ovqatlanish nuqtasi ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga sabab bo‘ldi. Tanqidlar ortidan muzey rahbariyati yozuvni demontaj qildi.

Toshkentdagi «Sosiskaxona» bekati tanqidlar ostida qoldi: peshlavha olib tashlandi
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Temir yo‘l texnikasi muzeyi hududida joylashgan ovqatlanish nuqtasining «Sosiskaxona» deb nomlangan yozuvi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar bu nomni kulgili va muzey muhitiga mutlaqo mos emas deb hisoblab, o‘z e’tirozlarini bildirishdi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, yozuv muzey rahbariyati tomonidan olib tashlanganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, muzeyni attraksionli va oilaviy dam olish maskaniga aylantirish bo‘yicha ishlarni to‘xtatish rejalashtirilmayotgani ta’kidlandi. Muzey hududida hozirgacha quyidagi ishlar amalga oshirilgan: 500 dan ortiq daraxt va gul ekilib, 6000 metr kv bruschatka yotqizilgan, 3,5 ming metr kv maydonda yashil hududlar tashkil etilgan. Shuningdek, 20 ta infratuzilma ob’ekti qayta jihozlanib, ovqatlanish va savdo nuqtalari sifatida faoliyat yuritmoqda. Muzey eksponatlaridan to‘rttasi ta’mirlanib, kafe va restoran sifatida moslashtirilgan. Hudud xavfsizligini ta’minlash maqsadida 22 ta videokamera o‘rnatilgan, shuningdek, 7 ta bolalar attraksioni va 60 metrli musiqali favvora foydalanishga topshirilgan. Muzeyga keluvchilar soni prezident qarori asosida amalga oshirilgan rekonstruksiyadan so‘ng bir necha o‘n barobarga oshgani qayd etildi. Shu bois, madaniy merosni saqlagan holda, zamonaviy dam olish imkoniyatlarini yaratish konsepsiyasiga rioya etishda davom etiladi.

Teglar

Mavzuga oid