
Tramp 1 mln dollarlik oltin kartasini joriy qildi
20.09.2025 | 14:006773
Bu karta orqali xorijiy fuqarolar tezlashtirilgan tartibda AQSHda yashash huquqini olishi mumkin bo‘ladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 1 million dollarlik «Trump Gold Card» orqali jismoniy shaxslar va korporatsiyalarga rezidentlik huquqini tezlashtirilgan tartibda olish imkonini taklif etdi. Farmon 19 sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolangan. Prezidentning bayonotiga ko‘ra, bu tashabbus mamlakatga milliardlab noqonuniy muhojirlar oqimi ortidan tizimni tartibga solishga qaratilgan.
Kartaning boshlang‘ich narxi 1 million dollar qilib belgilangan. Jismoniy shaxslardan tashqari korporatsiyalar ham keyinchalik 2 million dollar evaziga ushbu maqomni olishi mumkin. Kartaning dizaynida prezident portreti, Amerika ramzlari va «Trump Gold Card» yozuvi aks ettirilgan.
Trampning ta’kidlashicha, ushbu dastur qisqa muddatda 100 mlrd dollardan ortiq mablag‘ keltirishi kutilmoqda. Jamg‘arilgan mablag‘lar soliqlarni kamaytirish, iqtisodiy o‘sish loyihalarini moliyalashtirish va davlat qarzini qisqartirishga yo‘naltiriladi.
Hukumat, shuningdek, «Trump Platinum Card»ni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu karta AQSHda yiliga 270 kungacha yashash imkonini berib, mamlakatdan tashqaridagi daromadlar uchun soliq to‘lamaslik huquqini taqdim etadi. Bu hujjat an’anaviy sayohat vizalari o‘rnini bosishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.





