Tramp 275 mlrd dollarlik «Oltin flot» qurmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp ilgari surgan «Oltin flot» dasturi 2056 yilgacha amalga oshiriladi. Hisobotga ko‘ra, «Tramp» nomli 15 ta yangi avlod atom harbiy kemasi mamlakat tarixidagi eng qimmat harbiy kemalarga aylanadi.
© BloombergAQSH prezidenti Donald Tramp ilgari surgan «Oltin flot» dasturini amalga oshirish 2056 yilgacha taxminan 275 milliard dollarga tushishi mumkin. Bu haqda AQSH Kongressi Budjet boshqarmasi hisobotida ma’lum bo‘ldi.
Hisobotga ko‘ra, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari «Tramp» turidagi 15 ta atom harbiy kemasini qurishni rejalashtirmoqda. Dastur 2027–2056 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislarning baholashicha, birinchi kema qurilishi taxminan 23 milliard dollarga tushadi, qolgan 14 ta kemaning har biri esa o‘rtacha 18 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab qiladi.
Eng qimmat harbiy kemalar
«Bloomberg»ning yozishicha, ushbu xarajatlar tasdiqlansa, «Tramp» turidagi kemalar AQSH tarixidagi eng qimmat harbiy kemalarga aylanadi.
Nashrning qayd etishicha, bunday yirik loyiha budjet xarajatlarining yanada oshib ketishiga sabab bo‘lishi va Harbiy-dengiz kuchlarining boshqa kema qurish dasturlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Loyihada Tramp shaxsan ishtirok etgan
Donald Tramp 2025 yil dekabr oyida AQSH uchun «yangi Oltin flot» yaratish rejasini e’lon qilgan edi.
Uning ta’kidlashicha, yangi avlod kemalari konsepsiyasini ishlab chiqishda shaxsan ishtirok etgan. Shuningdek, kemalarga «Tramp» nomi berilgan.





