
Tramp: Rossiya va Ukraina urushni o‘zlari hal qilishi kerak
21.05.2025 | 12:309493
AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiy va Yevropaning boshqa yetakchilariga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha qarorni tomonlar o‘zi qabul qilishi kerakligini ma’lum qildi. Bu bayonot Putin bilan suhbatdan so‘ng berildi.

The New York Times nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Yevropa davlatlari rahbarlariga Moskva va Kiyev o‘rtasidagi urushni tugatish masalasini ularning o‘zi hal qilishi kerakligini aytdi. U bu fikrni 19 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan telefon suhbatidan so‘ng bildirgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Trampning ushbu bayonoti uning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi olovsizlik muzokaralaridan deyarli chiqib ketganini anglatadi. Siyosiy muhokamalardan xabardor bo‘lgan olti nafar rasmiyning aytishicha, Tramp o‘zining avvalgi tahdidlaridan — agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, AQSH Yevropa sanksiyalariga qo‘shiladi — voz kechgan.
Bir yevropalik yuqori martabali amaldorning ma’lum qilishicha, Tramp aslida boshidanoq Rossiyaga nisbatan sanksiyalarga qo‘shilishga qiziqish bildirmagan. Bu munosabat uning tashqi siyosatda iqtisodiy manfaatlarni birinchi o‘ringa qo‘yayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Oq uy rasmiylaridan biri The New York Times nashriga bergan ma’lumotda aytilishicha, AQSHning Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalari Amerika biznesi rivojiga to‘siq bo‘ladi. Tramp esa mamlakat fuqarolari uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishni maqsad qilgan.
Bu bayonot Yevropa bilan munosabatlarda ancha murakkab vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish harakatida bo‘lsa, AQSH bu jarayondan chetda qolishga moyillik ko‘rsatmoqda.





