add

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarning «ikkinchi bosqichi»ga tayyor

08.09.2025 | 19:005454

Holbuki, Donald Tramp AQSH prezidenti lavozimiga o‘tirganidan buyon Rossiyaga qarshi hech qanaqa sanksiya yoki tariflar qo‘llamagan. Ya’ni, birinchi bosqichning o‘zi bo‘lmagan.

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarning «ikkinchi bosqichi»ga tayyor
AQSH prezidenti Donald Tramp 7 sentyabr, yakshanba kuni Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning «ikkinchi bosqichi»ni ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qilgani haqida Reuters agentligi xabar berdi. U qanday choralar ko‘rilishi va qaror qabul qilingan yoki yo‘qligi haqida aniq ma’lumot bermadi. Qizig‘i shundaki, Donald Tramp AQSH prezidenti bo‘lganidan so‘ng Rossiyaga qarshi biror bir sanksiya qo‘llamagan. Yer yuzidagi barcha davlatlarga tariflar oshirilganida ham Rossiya bundan mustasno bo‘lgan. Boz ustiga, yaqindagina Putinni AQSHga taklif qilib yuzma-yuz uchrashgan Tramp, yaqin kunlarda yana Rossiya prezidenti bilan muloqot qilish niyati borligini ma’lum qildi. Bungacha, dushanba yoki seshanba kuni bir qator yevropalik yetakchilar AQSHga tashrif buyurib, Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishadi. Oq uy maslahatchisi Kevin Hassett CBS News telekanaliga bergan intervyusida yaqin kunlarda sanksiyalarning darajalari va amalga kiritilish sanalari faol muhokama qilinishini ta’kidladi. Bu AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi uzviy hamkorlikning davomi bo‘ladi. AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham o‘z chiqishida Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirish maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH va YeI Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan ikkinchi darajali bojlar joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Bessentga ko‘ra, bu choralar Rossiya iqtisodiyotini «jar yoqasiga» olib borishga xizmat qiladi. U hamkor davlatlarni birgalikda harakat qilishga chaqirdi. «Biz bosimni kuchaytirishga tayyormiz, faqat Yevropadagi sheriklarimiz ham birga qadam tashlashi kerak», — dedi u NBC telekanaliga.  

Teglar

Mavzuga oid