
Tramp va Si nima haqida gaplashishdi?
19.09.2025 | 21:2032153
Bu ularning uch oy ichida ilk bor amalga oshirgan telefon orqali muloqoti hisoblanadi.

Bugun, 19 sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping telefon orqali suhbatlashdi. Bu ikki davlat rahbarlarining so‘nggi uch oydagi ilk muloqoti bo‘ldi.
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, suhbat ijobiy va konstruktiv ruhda o‘tgan. Si Jinping ikki tomonni tinchlikni qadrlashga, tarix saboqlarini unutmaslikka va farovon kelajak qurishga chaqirdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, muloqotning asosiy mavzusi TikTok bo‘lishi mumkin. Vashington Xitoyning ByteDance kompaniyasi platformaning Amerika bo‘linmasini sotmasa, TikTok’ni AQSH hududida bloklash bilan tahdid qilgan. Tramp 16 sentyabr kuni qarorni 16 dekabrgacha kechiktirishini e’lon qilgandi.
The Washington Post esa Trampning yozda Tayvanga qiymati 400 million dollardan ortiq harbiy yordam paketini ma’qullamagani haqida xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, bu qaror Si Jinping bilan kelishuvlarga erishish va ehtimoliy sammitga tayyorgarlik jarayoniga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati Tayvanga 500 million dollarlik yangi qo‘shma harbiy yordam bo‘yicha ham Kongressni xabardor qilgan. Bu masala ortidan Vashington va Pekin munosabatlari yanada taranglashishi ehtimol qilinyapti.





