add

Tramp Xitoyni Boeing ehtiyot qismlaridan uzish bilan tahdid qildi

12.10.2025 | 10:3325894

AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Xitoyga samolyot ehtiyot qismlari eksportini cheklashi mumkinligini bildirdi. Bu qaror Pekinning AQSH sanoati uchun muhim bo‘lgan nodir metalllar eksportini cheklashiga javob sifatida ko‘rilmoqda.

Tramp Xitoyni Boeing ehtiyot qismlaridan uzish bilan tahdid qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat hukumati Boeing kompaniyasiga nisbatan eksport nazorati joriy etish hamda Xitoyga samolyot ehtiyot qismlari yetkazib berishni cheklash imkonini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. «Bizda juda ko‘p narsa bor, shu jumladan ular uchun eng muhim bo‘lgan — samolyotlar. Xitoyda ko‘plab Boeing bor va ularga ehtiyot qismlar ham kerak», — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy ilgari Boeing’ning eng yirik mijozlaridan biri bo‘lgan — buyurtmalar portfelida uning ulushi 25 foizga yetardi. Ammo bu ko‘rsatkich hozir 5 foizdan ham kamaydi. Cirium tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy aviakompaniyalari 1855 ta Boeing samolyotini ishlatmoqda, yana kamida 222 ta layner buyurtma qilingan, ular asosan tor fyuzelajli 737 seriyasi modellari. AQSHning texnologik bosimi ortib borgan bir paytda Xitoy o‘z milliy aviasanoatini rivojlantirayotgani kuzatilmoqda. Mamlakat COMAC C919 yo‘lovchi samolyotini ishlab chiqarishga e’tibor qaratib, uni Airbus A320 va Boeing 737’ga raqobatchi sifatida ko‘rmoqda. Cirium ma’lumotlariga ko‘ra, xitoylik mijozlar bu modeldan 365 ta samolyotga buyurtma bergan. Biroq ishlab chiqarish AQSHning eksport cheklovlari sabab sekin kechmoqda: COMAC 2025 yilda yetkazib berishi kerak bo‘lgan 32 samolyotdan hozircha faqat 5 tasini topshirgan. Vashington va Pekin o‘rtasidagi yangi savdo keskinligi Xitoy nodir metalllar eksportini cheklagandan keyin boshlandi. Bu metalllar AQSHning yuqori texnologiyali sanoati uchun muhim sanaladi. Bundan keyin Tramp Janubiy Koreyada o‘tadigan ATES sammitida Si Jinping bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi va «bunday muloqot uchun endi asos yo‘q» deya bayonot berdi. Shuningdek, AQSH prezidenti Xitoy mahsulotlariga 1 noyabrdan boshlab qo‘shimcha 100 foizlik boj joriy etishini, natijada umumiy tarif darajasi 130 foizgacha oshishini bildirdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington yaqin vaqtda «strategik ahamiyatga ega dasturiy ta’minot» eksportiga ham cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid