
Trampning G‘azo uchun «Tinchlik kengashi» kimlardan iborat?
Oq uy G‘azoni vaqtincha boshqarish va qayta tiklashni muvofiqlashtiradigan maxsus ijroiya kengash tarkibini e’lon qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida tashkil etilayotgan G‘azo bo‘yicha «Tinchlik kengashi»ning asosiy ijroiya tarkibi rasman ma’lum qilindi. Ushbu organ G‘azoning urushdan keyingi barqarorlashuvi, xavfsizligi va qayta tiklanishini muvofiqlashtirish vazifasini bajaradi. Kengash tarkibida siyosat, moliya, xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohalarida tajribaga ega shaxslar jamlangan.
Ijroiya kengash a’zolari orasida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Tony Bler ham bor. U 2007–2015 yillarda BMT, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Rossiyadan iborat «Xalqaro kvartet»ning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi bo‘lgan. Bler mazkur tashabbusni ikki yillik urushni tugatish yo‘lidagi eng real imkoniyat sifatida baholagan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio kengashda tashqi siyosat yo‘nalishini belgilaydigan asosiy figuralardan biri hisoblanadi. U avvalroq G‘azodagi urushga nisbatan qat’iy pozitsiya bildirgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘llab-quvvatladi.
Kengashga, shuningdek, AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uikoff ham kiritildi. U G‘azoni qayta qurish va to‘liq demilitarizatsiya qilish rejalarini ilgari surgan asosiy muzokarachilardan biri sifatida tanilgan.
Trampning kuyovi Jared Kushner ham ijroiya tarkibidan joy oldi. U avval ham Isroil–Falastin va Rossiya–Ukraina yo‘nalishlarida vositachilik qilgan. Moliyaviy blokda esa Apollo Global Management rahbari Mark Rouen va Jahon banki prezidenti Ajay Banga ishtirok etadi.
Kengashning so‘nggi a’zosi sifatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Robert Gabriel qayd etilgan. Shu bilan birga, G‘azodagi joylardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun bolgariyalik diplomat Nikolay Mladenov tayinlandi. U falastinlik texnokratlardan iborat 15 nafarlik qo‘mitaning faoliyatini nazorat qiladi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, keyingi haftalarda kengash tarkibi yana kengayishi mumkin, ayniqsa mahalliy falastinlik va ayol mutaxassislarni jalb etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.





