Logo

Trampning «Tinchlik kengashi» G‘azoda harbiy baza qurmoqda

Bugun 11:255 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish va tiklash maqsadida tuzilgan «Tinchlik kengashi» o‘z faoliyatini Isroil nazoratidagi hududda harbiy kontingent uchun baza qurishdan boshlayapti.

Trampning «Tinchlik kengashi» G‘azoda harbiy baza qurmoqda © Reuters

Donald Trampning Tinchlik kengashi nihoyat ilk haqiqiy Amerika mablag‘lariga ega bo‘lmoqda: AQSH ma’muriyati G‘azo sektorida xalqaro harbiy kontingent yaratish uchun 206 million dollardan ortiq mablag‘ ajratmoqda. Biroq mintaqani demilitarizatsiya va tiklash maqsadida tuzilgan tashkilotning birinchi amaliy natijasi tinchlik shartnomasi emas, balki Isroil nazoratidagi hududda harbiy baza qurish bo‘yicha dastlabki kelishuv bo‘ldi. Qariyb cheklanmagan vakolatlarga ega, Tramp umrbod raislik qiladigan hamda Vladimir Putinga ham taklifnoma yuborilgan ushbu tuzilma yetti oy ichida G‘azoda na demilitarizatsiya jarayonini, na to‘laqonli tiklash ishlarini boshladi.

«Biz qon to‘kilishi, nafrat yoki terrorizm bilan bog‘liq biror narsani moliyalashtirishni istamaymiz. Shunday qilib, G‘azoni qayta tiklash uchun dastlab uni harbiysizlashtirish zarur, degan to‘xtamga keldik», — degan edi AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil kuzida Misrda G‘azo muammosiga bag‘ishlangan sammitda.

Cheklanmagan vakolatlarga ega organ

«The Insider» nashrining yozishicha, kengash tashabbuskori sifatida Tramp o‘zi yaratgan bu tuzilma nafaqat kichik bir mintaqa, balki butun dunyo uchun mas’ul bo‘lishi mumkinligiga ishonadi. Shu bois, Kengash ustavida hech qanday geografik cheklovlar ko‘rsatilmagan. Ammo bu tashkilot baribir ko‘proq G‘azo bilan bog‘lab tasavvur qilinadi.

Bundan tashqari, BMT Xavfsizlik kengashi Trampning tuzilmasiga ulkan vakolatlar beruvchi mandatni aynan G‘azoda tinchlik o‘rnatish maqsadida taqdim etgan. Aniqrog‘i, bu vakolatlarni u o‘zi va o‘z odamlari uchun o‘zi ishlab chiqqan. Boisi, BMT Xavfsizlik kengashi faqatgina Amerika prezidentining umumiy tinchlik rejasini amalga oshirish uchun Tinchlik kengashini tuzishni ma’qullagan, xolos. Ushbu keng vakolatlar aks etgan ustavni esa yangi tuzilgan Kengashning o‘zi tasdiqlab olgan.

Shu tariqa, Tinchlik kengashi o‘tish davrida (harbiy harakatlar to‘liq tugab, to‘laqonli saylov organlari shakllanguniga qadar) G‘azoni boshqarishi kerak bo‘lgan texnokratik Falastin ma’muriyatini nazorat qilish huquqini oldi. Kengash gumanitar yordamni taqsimlaydi, infratuzilma va iqtisodiyotni tiklashga mas’ul bo‘ladi, uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanadi, qolaversa, o‘z Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini (ISF) shakllantirish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Ushbu kvaziarmiya G‘azoda mahalliy politsiya bo‘linmalari paydo bo‘lgunga qadar mintaqada tartibni saqlashi lozim bo‘ladi.

«The Insider»ning ta’kidlashicha, Tinchlik kengashi texnokratik Falastin ma’muriyatini nazorat qilish huquqini o‘ziga o‘zi bergan.

Donald Tramp Kengash raisi sifatida qariyb cheklanmagan vakolatlarga ega. U har qanday qarorga veto qo‘yishi, o‘z vorisini boshqa amaldorlarning ishtirokisiz, mustaqil ravishda tayinlashi, Kengash ichida yangi tuzilmalar yaratishi yoki tugatishi hamda ISF qo‘mondonini shaxsan tanlashi mumkin.

Bundan tashqari, Tramp Kengash rahbarligida istagancha qola oladi. Nizom hujjatlarida ushbu lavozimda muddat cheklovlari ham, rahbarni vazifasidan ozod qilish mexanizmlari ham ko‘zda tutilmagan. Hattoki bu lavozim uning prezidentlik muddatiga ham hech qanday aloqador emas.

«Umuman olganda, Tinchlik kengashining ustavi va tuzilmasi dunyodagi eng uzoq va qonli mojarolardan birini hal qilishga mas’ul xalqaro tashkilotdan ko‘ra, ko‘proq tijorat kompaniyasini eslatadi. Hatto uning inglizcha nomlanishi ham («Board of Peace») aynan tijorat tuzilmalariga ishora qiladi. Ingliz tilidagi «board» so‘zi odatda aksiyadorlik jamiyatlarining direktorlar kengashini anglatish uchun ishlatiladi», — deyiladi nashr маqolaсида.

Na tuzilma bor, na budjet

Aftidan, tashkilotda ko‘zlangan ulkan rejalarni: Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini shakllantirish, minglab uy-joy va infratuzilma obyektlarini tiklash, G‘azoda qulay investitsiya muhitini yaratish va Trampning tinchlik rejasida tilga olingan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun umuman mablag‘ yo‘q.

Kengashni tashkil etish bosqichida Tramp bo‘lajak ishtirokchilarni tashkilot fondiga badal to‘lashga chaqirdi. Bir milliard dollar evaziga u umrbod a’zolik va veto huquqini va’da qildi. Badalsiz ham a’zo bo‘lish mumkin edi, ammo bunda a’zolik muddati ikki-uch yil bilan cheklanib, hech qanday veto huquqi berilmaydi. Joriy yilning may oyida Kengash budjeti bo‘m-bo‘sh ekani hisobga olinsa, unga nainki ishtirokchilarning badallari, hatto Tramp tomonidan AQSH g‘aznasidan va’da qilingan 10 milliard dollar ham kelib tushmagan.

Avgust oyida, ya’ni AQSH prezidenti G‘azoni harbiysizlashtirishga va’da bergan va Tinchlik kengashi tuzilishiga asos bo‘lgan Misrdagi sammitdan qariyb bir yil o‘tib, klub o‘z tarixida ilk bor G‘azoda harbiy baza qurish bo‘yicha dastlabki shartnomani imzoladi. Va’da qilingan demilitarizatsiya o‘rniga Amerika prezidentining tinchlik rejasi G‘azo sektorining Isroil armiyasi tomonidan bosib olingan qismida Marokash kontingenti (ISF) uchun kazarma va xo‘jalik binolarini qurishdan boshlanadigan bo‘ldi. Marokash Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini shakllantirish uchun G‘azoga o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyorligini bildirgan birinchi davlatlardan biri (Qozog‘iston, Kosovo va boshqalar qatorida) edi.

Dastlab Falastinga 500 nafar marokashlik askar va ofitserni yuborish e’lon qilingan edi. Keyinroq ularning soni 200 nafar atrofida bo‘lishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Ular qochqinlar lagerlaridan birini qo‘riqlashi va shu bilan birga Falastin xavfsizlik kuchlarini mashq qildirishi taxmin qilingan. Ammo bularning barchasi faqat mish-mish va farazlar darajasida. G‘azodagi marokashliklarning haqiqiy soni va aniq missiyasiga oid hech qanday rasmiy hujjat hozirgacha yo‘q.

Shuningdek, harbiy baza qurilishini kim va qanday miqdorda moliyalashtirayotgani haqida ham aniq ma’lumot yo‘q. Ma’lumki, pudratni chet eldagi Amerika harbiy obyektlarini qurish bo‘yicha bir necha bor buyurtmalarni bajargan Luiziananing «Arkel International» kompaniyasi qo‘lga kiritgan. Biroq moliyalashtirish manbalari, shartnoma summasi va uni amalga oshirish muddatlari ochiq manbalarda umuman qayd etilmagan.

«Arkel International» bilan shartnoma imzolangani haqidagi xabar Tinchlik kengashi ichidagi ilk jiddiy ziddiyat bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. 9-avgust kuni Isroil bosh vaziri va Tinchlik kengashi a’zosi Binyamin Netanyahu Trampning G‘azoda tinchlik o‘rnatish rejasini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb atadi.

Gap shundaki, iyul oyining oxirida Tramp Tinchlik kengashi HAMASning qurol tashlash haqidagi va’dasini olishga erishganini ma’lum qilib, Isroil G‘azo sektoridan o‘z kuchlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishni boshlashi kerakligini aytgan edi. Netanyahu esa HAMAS bilan hech qanday kelishuv bo‘lmaganini va shu sababli Isroil o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur emasligini aytdi.

Teglar

Mavzuga oid