Turkiya turkiy dunyoga yangi «Turkic ID» tizimini taklif qilmoqda
Turkiya rasmiylari Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida pasportsiz sayohat tizimini joriy etish ustida ishlanayotganini ma’lum qildi.

Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar o‘rtasida pasportsiz sayohat qilish imkonini beruvchi «Turkic ID» tizimini joriy etish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Turkiya hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Kurshad Zorlu ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozirda Turkiya, Ozarboyjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi o‘rtasida shaxsni tasdiqlovchi ID-karta orqali sayohat qilish imkoniyati mavjud.
«Endi buni butun Turkiy dunyoga yoya olamizmi? Biz aynan shuning ustida ish olib boryapmiz», — dedi Zorlu.
Yangi integratsiya tashabbuslari
Kurshad Zorluning ma’lum qilishicha, joriy yil oktabr oyi oxirida Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mezbonligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining 13-sammiti o‘tkaziladi.
«Biz muhim qarorlar va ajoyib syurprizlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitda qator yangi tashabbuslar e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Ulardan biri Turkiy davlatlar uchun yagona muzey kartasi bo‘lib, u ishtirokchi mamlakatlardagi muzey va tarixiy obidalarga tashrif buyurishni osonlashtirishi kutilmoqda.
Shuningdek, TDT mamlakatlari o‘rtasida transport aloqalarini kengaytirish, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va aviachiptalar narxini maqbullashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Turizm va transport
Zorluning aytishicha, hozirda Turkiyadan turkiy davlatlarga yiliga taxminan 1 million kishi safar qiladi. Turkiy davlatlardan Turkiyaga keluvchilar soni esa qariyb 3,5 million nafarni tashkil etadi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur ko‘rsatkichlarni yanada oshirish maqsadida «Turkish Airlines» va boshqa aviakompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.