add

Turkiya va Ozarboyjon yangi temir yo‘l qurishni boshladi

23.08.2025 | 20:0036673

Turkiya «Qars–Ig‘dir–Araliq–Diluju» temir yo‘l qurilishini boshladi. Loyiha «Zangezur koridori»ning bir qismi bo‘lib, Ozarboyjonning asosiy hududini Naxichivon eksklavi bilan bog‘lashni ko‘zlaydi.

Turkiya va Ozarboyjon yangi temir yo‘l qurishni boshladi
Janubiy Qafqazda yangi logistika davri boshlandi — Turkiya «Qars–Ig‘dir–Araliq–Diluju» temir yo‘lini qurishga kirishdi. Ushbu liniya turk hududidagi Qars viloyatini Ozarboyjonning Naxichivon eksklavi bilan bog‘laydi va «Zangezur koridori»ning tarkibiy qismi sifatida ko‘riladi, deb xabar bemoqda TRT World. Turkiyaning transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘ralo‘g‘luning aytishicha, ushbu qurilish «Janubiy Qafqazda tinchlik va farovonlikning yangi davrini boshlaydi». Uning ta’kidlashicha, koridor foydalanishidan Turkiya 30 yilda 3,6 mlrd dollar daromad olishini kutmoqda. Temir yo‘l uzunligi 224 km bo‘lib, yiliga 5 mln nafar yo‘lovchi va 15 mln tonna yuk tashishga qodir bo‘ladi. Bu Xitoy va Yevropani bog‘lovchi tranzit vaqtni 18 kungacha qisqartiradi. Loyiha 2,4 mlrd yevroga baholanmoqda va 5 yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan. Ozarboyjon hududida esa 150 km temir yo‘l ta’mirlanishi va 20 km yangi yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Turkiya loyihaning ikki davlatdagi ishlarini bir vaqtda yakunlashni reja qilmoqda. 8 avgust kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida tinchlik kelishuvini imzolagan edi. Kelishuv doirasida «Zangezur koridori»ni barpo etish nazarda tutilgan bo‘lib, u rasman «TRIPP — Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti» deb nomlangan.

Teglar

Mavzuga oid