add

«Ukraina xavfsizlik xizmatining dronlar operatsiyasi tarixga kiradi» — Zelenskiy

02.06.2025 | 08:0010984

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyadagi strategik aviabazalarga qilingan zarbani «ajoyib» deb baholadi. Unga ko‘ra, amaliyot 1,5 yil tayyorlangan va FSB boshqarmasi yaqinidagi «ofis»dan boshqarilgan.

«Ukraina xavfsizlik xizmatining dronlar operatsiyasi tarixga kiradi» — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU)ning Rossiyadagi strategik bombardimonchi samolyotlarga qarshi amaliyoti haqida yangi tafsilotlarni ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, operatsiyaning tayyorgarlik jarayoni bir yil olti oy va to‘qqiz kun davom etgan. U bundan «tarixiy natija» sifatida faxrlanishini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, maxfiy operatsiyaning «ofisi» Rossiya hududlaridan birida, to‘g‘ridan to‘g‘ri FSB boshqarmasi yaqinida joylashgan bo‘lgan. Zarba berish uchun 117 ta dron ishlatilgan. Ukrain operatorlar uchta vaqt zonasida faoliyat yuritgan va barcha ishtirokchilar o‘z vaqtida Rossiya hududidan evakuatsiya qilingan. Rossiya Mudofaa vazirligi amaliyot oqibatida Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur oblastlarida joylashgan harbiy aerodromlar zarbaga uchraganini rasman tasdiqladi. Xususan, Murmansk va Irkutskda bir necha samolyot texnikasi yonib ketgan. Rossiya rasmiylari bu hujumlarda «Kiyev rejimi»ni aybladi va bir necha gumonlanuvchilar qo‘lga olinganini bildirdi. Biroq ularning shaxsi yoki ayblovlar haqida ma’lumot oshkor qilinmadi. SBU ma’lumotiga ko‘ra, amaliyot natijasida Rossiyaning asosiy aerodromlarida joylashgan qanotli raketa tashuvchi samolyotlarning 34 foizi yo‘q qilingan. Ularning umumiy qiymati 7 mlrd dollar deb baholanmoqda. Zelenskiy bu amaliyot Ukraina harbiylarining qobiliyati va rejalashtirish darajasini namoyon etganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqealar «tarix darsliklariga albatta kiradi». Shu bilan birga, u Rossiya tomonidan yaqin vaqtda ehtimoliy ommaviy zarbaga tayyor turish kerakligini ogohlantirdi. Avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) 1 iyun kuni «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») deb nomlangan maxsus harbiy amaliyot doirasida Rossiyaning strategik harbiy aviatsiyasiga qarshi katta hujumni amalga oshirgani ma’lum qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid