
Ukrainada xorijiy kompaniyalarga qurollarini frontda sinovdan o‘tkazishni taklif etdi
18.07.2025 | 14:0018614
Ukraina xorijiy qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yangi texnologiyalarni jang maydonida sinovdan o‘tkazish imkonini taklif qilmoqda. Bu tashabbus orqali Ukraina ham, investorlar ham aniq natijalarga ega bo‘lishni maqsad qilmoqda.

Reuters agentligi xabar berishicha, Ukraina hukumati tomonidan tashkil etilgan Brave1 nomli platformasi «Ukrainada sinov» deb nomlangan yangi loyihani boshladi. Bu tashabbusga ko‘ra, xorijiy qurolsozlar o‘zining eng ilg‘or harbiy texnologiyalarini Ukrainaga yuborib, ularni real jang sharoitida tekshirib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Brave1’ning investorlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari Artyom Morozning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki tomonlama foyda beradi: kompaniyalar uchun o‘z qurollarining haqiqiy frontda qanday ishlayotganini bilish imkoni, Ukraina uchun esa mavjud zamonaviy texnologiyalardan xabardor bo‘lish.
Moroz loyihaga katta qiziqish mavjudligini aytdi, biroq hozircha ishtirokchi kompaniyalar nomi ochiqlanmagan. Unga ko‘ra, Brave1 jangda sinovdan o‘tkazish kerak bo‘lgan ustuvor harbiy texnologiyalar ro‘yxatini tayyorlagan. Ular orasida havo hujumidan mudofaa tizimlari, dronlarga qarshi qurilmalar, sun’iy intellekt asosidagi himoya vositalari va o‘zi nishonni izlab topuvchi bombalarga qarshi yechimlar bor.
Shuningdek, sinov uchun suvda harakatlanuvchi dronlar, yerdagi elektron kuzatuv vositalari va sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yangi nishonga olish tizimlari ham ajratilgan. Bu qurollar Ukraina armiyasi tomonidan frontda tekshirilib, natijalar to‘g‘risida ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga hisobot taqdim etiladi.
Avvalroq Rimda o‘tgan Ukraina tiklanish konferensiyasi (URC25) doirasida Ukraina raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fyodorov va Yevrokomissiya vakili Andryus Kubilyus BraveTech EU tashabbusini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Yevropa harbiy texno-startaplari Yevrokomissiyadan moliyalashtirish olib, o‘z qurilmalarini Ukrainada bevosita frontda sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.





