
USAID O‘zbekistonga turli yillarda milliardlab dollar yordam ko‘rsatgan
06.07.2025 | 13:3043483
AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID 60 yildan ortiq faoliyati davomida O‘zbekistonga milliardlab dollar yordam ajratgan. 2002 yilda O‘zbekiston USAID’dan eng yuqori moliyaviy ko‘mak olgan bo‘lsa, 2025 yilda yordam hajmi keskin kamaydi.

2025 yil 1 iyul kuni AQSH davlat kotibi Marko Rubio USAID — AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi faoliyati rasman tugatilganini e’lon qildi. USAID turli yillar davomida dunyo davlatlariga, jumladan O‘zbekistonga katta miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatib kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, USAID O‘zbekistonga yordam ko‘rsatishni 2001 yilda 14,51 mln dollar bilan boshlagan. Eng katta yordam esa 2002 yilda qayd etilgan — 60,55 mln dollar. Bu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, demokratiya, iqtisodiy rivojlanish va ta’lim sohalariga yo‘naltirilgan.
2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng ikki davlat munosabatlari yomonlashgan va USAID yordami qisqargan. 2009 yilga kelib USAID mablag‘i 5 mln dollargacha kamaygan. Keyinchalik yordam miqdori qisman tiklanib, 2012 yilda 10,5 mln, 2013 yilda esa 5,93 mln dollarni tashkil etgan.
2017 yildan boshlab USAID O‘zbekistondagi faoliyatini yana kengaytirdi. 2018 yilda USAID yordami 19,62 mln dollarga yetgan. Pandemiya yillarida USAID ko‘magi yanada oshgan. 2020 yilda 28,57 mln dollar, 2021 va 2022 yillarda mos ravishda 38,32 mln va 43,17 mln dollar ajratilgan.
2023 va 2024 yillarda USAID O‘zbekistonga yordam hajmi barqaror saqlanib, mos ravishda 37,45 mln va 39,08 mln dollarni tashkil etgan. Ammo 2025 yilda Donald Tramp hukumati xorijiy yordamlarni qisqartirgani tufayli USAID O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 3,88 mln dollar ajratgan.





