
UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse modelini taqdim etdi
Avtomobil 328 ot kuchiga ega turbodvigatel va 795 mln so‘mlik narx bilan bozorga chiqadi.

UzAuto Motors tomonidan taqdim etilgan yangilangan Chevrolet Traverse modeli mahalliy bozordagi keng salonli avtomobil ishqibozlariga mo‘ljallangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning tavsiya etilgan chakana narxi 795 mln so‘mni tashkil etadi, sotuvlar esa yaqin kunlarda boshlanishi kutilmoqda.
Yangi Traverse uch qator o‘rindiqli krossover hisoblanadi. Avtomobil haydovchidan tashqari yana besh nafar yo‘lovchini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lib, kundalik foydalanish hamda uzoq safarlar uchun qulay yechim sifatida taklif etilmoqda. Keng salon va funksional joylashuv modelning asosiy ustunliklaridan biri hisoblanadi.

Texnik jihatdan Chevrolet Traverse 2,5 litrli to‘rt silindrli turbodvigatel bilan jihozlangan. Ushbu agregat 328 ot kuchiga ega bo‘lib, yuqori dinamika va barqaror harakatni ta’minlaydi. Kuch uzatish tizimi avtomobilning umumiy ishonchliligi va boshqaruvchanligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, avtomobilning old va orqa qismlaridagi dizayn ham butunlay yangilangan. G‘ildirak disklari esa 18 dyuymni tashkil etadi.

Salon qismida 17,7 dyuymli markaziy multimedia displeyi hamda 11 dyuymli raqamli asboblar paneli o‘rnatilgan. Shuningdek, model Chevy Safety Assist xavfsizlik tizimlari bilan jihozlanib, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, «UzAuto Motors» kompaniyasi «Damas» va «Cobalt» modellarining yangi avlodini ishlab chiqarishni boshlaganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Damas» miniveni ikki yangi versiyada — yo‘lovchilar uchun «Damas Move» va yuk-yo‘lovchilar uchun «Damas Max» sifatida ishlab chiqariladi. Yangi «Damas» oldingi modelga nisbatan kattaroq o‘lchamga, yuqori sig‘im va yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
«Cobalt» uchun ham modernizatsiya jarayoni amalga oshirilib, ikki yangi versiya — «Cobalt Style MCM» va «Cobalt Midnight MCM» taqdim etiladi. Ularda ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi funksiya joriy qilingan.





