
«Uzbekistan Airports» bodikamera xaridi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi
24.08.2025 | 15:0031583
Kompaniya shartnoma qiymati 6,8 mlrd emas, 4,3 mlrd so‘m ekanini va xarid qonunchilikka muvofiq amalga oshirilganini ma’lum qildi.

«Uzbekistan Airports» kompaniyasi bodikameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha tender jarayonlari yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, xarid amaldagi qonunchilik va davlat xaridlari tartiblariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilgan.
Shartnoma yakuniy qiymati 4,3 mlrd so‘mni (QQS bilan) tashkil etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilgan 6,8 mlrd so‘m esa tijorat takliflarining o‘rtacha bahosi bo‘lib, boshlang‘ich narx sifatida ko‘rsatilgan. Takliflar «uzairports.com» rasmiy sayti orqali qabul qilingan.
Kompaniya ta’kidlashicha, tender jarayonida ishtirokchilarning o‘zaro bog‘liqligi haqida ma’lumot yo‘q. Keyinchalik aniqlangan holatlar esa natijalar tasdiqlangandan so‘ng ma’lum bo‘lgan. Shu sababli Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi taqdimnomasi asosida xarid natijalari haqiqiy emas deb topilib, bekor qilingan.
OAVda tilga olingan uchinchi kompaniya tanlovda qatnashmagan, balki faqatgina zaxira g‘olib bilan bir xil manzildan ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq qonunchilikka ko‘ra, bir necha kompaniyaning bir joyda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanmagan. Shuning uchun g‘olibni yoki zaxira g‘olibni chetlatishga asos bo‘lmagan.
Kompaniya tender jarayoni «etender.uzex.uz» ochiq elektron platformasida o‘tganini va unda rezident hamda norezident tadbirkorlar teng huquqda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lganini qayd etdi. Xujjatlar 10–17 iyul kunlari qabul qilingan, tanlov esa eng past narx taklifiga ko‘ra o‘tkazilgan.





