
Venesuela neft ishlab chiqarishini oshiradi, bu esa narxlarga bosim o‘tkazadi
AQSHning Venesuelada amalga oshirgan harbiy amaliyoti va prezident Nikolas Maduroning qo‘lga olinishidan so‘ng mamlakatda neft ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshishi mumkin. .

AQSH kuchlari dam olish kunlari Karakasda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olgan. AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington neft ishlab chiqaruvchi mamlakat ustidan nazoratni qo‘lga olishini ma’lum qilib, Venesuela neftiga nisbatan joriy etilgan embargo saqlanib qolishini ta’kidlagan.
Londonda joylashgan Energy Institute ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela jahon neft zaxiralarining taxminan 17 foiziga ega bo‘lib, bu 303 mlrd barrelni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat hatto OPEC yetakchisi Saudiya Arabistonidan ham oldinda turadi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1970-yillarda Venesuelada neft ishlab chiqarish kuniga 3,5 mln barrelgacha yetgan bo‘lib, bu o‘sha davrda jahon ishlab chiqarishining 7 foizidan ortig‘ini tashkil etgan. 2010-yillarga kelib ushbu ko‘rsatkich 2 mln barreldan pastga tushdi. 2025 yilda esa mamlakat o‘rtacha kuniga 1,1 mln barrel neft ishlab chiqargan bo‘lib, bu jahon hajmining atigi 1 foiziga teng.
«JPMorgan» tahlilchilari Natasha Kaneva rahbarligida tayyorlangan hisobotda siyosiy o‘tish davri yuz bersa, Venesuela neft ishlab chiqarishni ikki yil ichida 1,3–1,4 mln barrelgacha oshirishi mumkinligi aytilgan. Ularning bahosiga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida ishlab chiqarish hajmi 2,5 mln barrelgacha yetishi ehtimoldan xoli emas. Ayni paytda esa real ishlab chiqarish kuniga taxminan 800 ming barrel atrofida.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu omillar hozircha neft fyucherslari bozorining uzoq muddatli qismlarida to‘liq aks etmagan.
«Goldman Sachs. tahlilchilari esa Venesuelada ishlab chiqarish tiklanishi ehtimoli borligini tan olgan holda, bu jarayon sekin kechishi va katta investitsiyalarni talab qilishini qayd etgan. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, agar Venesuela neft ishlab chiqarishni kuniga 2 mln barrelga yetkazsa, 2030 yilga borib neft narxlari har barrel uchun taxminan 4 dollarga arzonlashi mumkin.
Qisqa muddatda esa Venesuelada neft ishlab chiqarish istiqboli AQSHning sanksiyalar siyosati qanday o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi. «Goldman Sachs» bu masalada neft narxlari uchun noaniq, biroq cheklangan xavflar mavjudligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, «Goldman Sachs» 2026 yil uchun neft narxlari bo‘yicha prognozlarini o‘zgartirmadi. Bunda «Brent» neftining o‘rtacha narxi barreliga 56 dollar, WTI nefti esa 52 dollar bo‘lishi kutilmoqda. Venesuelada esa 2026 yilda neft ishlab chiqarish hajmi kuniga 900 ming barrel darajasida qolishi prognoz qilingan.





