
Voyaga yetmaganlar jazoni o‘tagach «sudlanmagan» deb hisoblanadi
02.08.2025 | 12:0028493
Oliy Majlis Senati 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni «sudlanmagan» deb hisoblashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Bu tartib yoshlarning kelgusida hayotiga sudlanganlik to‘siqlarini olib tashlashga qaratilgan.

Oliy Majlis Senati majlisida «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda 1 911 nafar, 2024 yilda esa 2 214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular sodir etgan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar soni 1 238 tani, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar esa 855 tani tashkil qilgan.
Qonunga muvofiq, endilikda 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxs «sudlanmagan» deb hisoblanadi. Bu yoshlarning kelgusidagi o‘qish, ishga joylashish va ijtimoiy hayotda erkin harakatlanishi uchun huquqiy zamin yaratadi.
Shu bilan birga, qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddatini olti oydan bir oygacha qisqartirishni ham nazarda tutadi. Senatorlar bu o‘zgarishlar jinoiy javobgarlikni liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Ma’qullangan qonun yoshlar hayotida sudlanganlik tamg‘asini yo‘qotish va ularning jamiyatda to‘laqonli faoliyat yuritishiga xizmat qilishi kutilmoqda.





