
Xitoy O‘zbekiston charm sanoatiga 5 mln dollarlik yangi investitsiya kiritadi
18.08.2025 | 11:0027203
Xitoyning «Simple Leasing» kompaniyasi O‘zbekiston charm sanoatiga 5 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya yo‘naltirish niyatini bildirdi.

«O‘zcharmsanoat» ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki muzokaralar Toshkent viloyatidagi «Angren Charm» korxonasida o‘tkazilib, zamonaviy texnologik uskunalar olib kelish, mahsulot turlarini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Assotsiatsiyadagi uchrashuvda loyiha amalga oshirishning huquqiy va tashkiliy jihatlari, texnik talablar, ishlab chiqarish hajmlari va eksport yo‘nalishlari yuzasidan aniq takliflar almashildi.
«Simple Leasing» delegatsiyasi sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, ishlab chiqarish maydonlari bilan tanishishi, muzokaralarni yakunlashi va shartnoma imzolash marosimini o‘tkazishi rejalashtirilgan.
«O‘zcharmsanoat» rahbariyatiga ko‘ra, ushbu hamkorlik xalqaro moliya va texnologiyalarni jalb qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, yangidan ish o‘rinlari yaratilishi, mahsulot sifatining oshishi va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlik kuchayishi kutilmoqda.
Simple Leasing kompaniyasi uskunalar moliyasi va lizingiga ixtisoslashgan bo‘lib, turli sohalardagi yirik ishlab chiqarish loyihalarida tajribaga ega.
Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislari charm sanoatida hamkorlikni kengaytirish, eksportni kuchaytirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edik.





