
Xitoyning eng yirik quyosh hududi endi shamol va atom energiyasiga yuzlanmoqda
28.09.2025 | 12:3047834
Shandong provinsiyasida ortiqcha ishlab chiqarilgan quyosh energiyasi tufayli tizim qiyinchilikka duch keldi. Endi hukumat shamol, atom va batareyalar orqali muvozanat izlamoqda.

Xitoyning shimoliy sohilda joylashgan Shandong provinsiyasi, mamlakatda quyosh panellari bo‘yicha yetakchi hudud sifatida, yangi strategiya ishga tushirmoqda. 1,4 trln dollar iqtisodiyotga ega bu hudud faqat o‘tgan yili Avstriya miqyosiga teng elektr energiyasi ishlab chiqardi. Ammo asosiy qiyinchilik — bu energiya kunduzgi soatlarda ortiqcha to‘planib, tarmoqda nosozliklar va hatto manfiy narxlarni keltirib chiqarmoqda, deb yozadi Bloomberg.
Shandongning quyosh quvvati 2020 yildagi 23 GW dan 2025 yil iyuniga kelib 85 GW ga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan provinsiya AQSH, Hindiston, Germaniya va Yaponiyadan keyingi beshinchi yirik bozorga aylandi. Ammo ortiqcha ishlab chiqarish 2023 yildayoq muammolarni ko‘rsatdi: Yangi yil bayramida xonadonlarga panellarni uzib qo‘yish tavsiya qilindi, keyin esa bozorda manfiy narxlar 1000 soatdan ortiq davom etdi.
Shu sababli hokimiyat energiyani saqlash quvvatini ikki barobar oshirib, 9,6 GW ga yetkazdi va yaqin 3–5 yilda yana ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, kunduzi narxlar arzon, kechqurun esa qimmat qilinayotgani iste’molni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Energiya ishlab chiqarishda ham muvozanat yaratishga urinish kuchaymoqda. Hukumat iyun oyida shamol va quyosh ulushini qayta ko‘rib chiqishni ma’lum qildi. Shundayoq oxirgi auksionda yil oxiriga qadar shamolga 6 mln MWh, quyoshga esa faqat 1,2 mln MWh taqsimlandi.
Shu bilan birga, quyosh energiyasi uchun belgilangan 225 yuan/MWh narxi kutilgandan past bo‘lib, agar mamlakat miqyosida qaytalansa, ko‘plab hududlarda loyihalarning rentabelligini shubha ostiga qo‘yadi.
Mutaxassislarning fikricha, Shandong tajribasi butun Xitoy uchun namuna bo‘ladi: kelajakda barqaror toza energiya tizimi faqat quyoshga emas, balki shamol, atom va energiya saqlash texnologiyalariga tayanadi.





