
Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 24 foizga oshdi — $13,9 mlrd
2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 24 foizga ko‘payib, 13,9 mlrd dollarga yetdi. Biroq so‘nggi ikki oyda o‘tkazmalar miqdori pasaymoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari 13,9 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan 2024 yilning shu davriga nisbatan 2,7 mlrd yoki 24 foizga ko‘pdir. 2023 yil bilan taqqoslaganda o‘sish 66 foizni yoki 5,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari hajmi oxirgi ikki oyda qisqarish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Iyul oyida mamlakat 1,97 mlrd qabul qilgan bo‘lsa, avgustda bu ko‘rsatkich 1,9 mlrdga, sentyabrda esa 1,82 mlrdga tushgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu oylariga nisbatan baribir yuqori, ammo o‘sish sur’ati sekinlashgan.

Joriy yilning birinchi yarmida pul o‘tkazmalari miqdori 27 foizga oshib, 8,2 mlrd dollarga yetgan edi. O‘sha davrda o‘tkazmalar har oy o‘sib borgan — yanvarda 1,06 mlrd bo‘lgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib 1,78 mlrd dollarga yetgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistondan chet elga jo‘natilgan pul mablag‘lari miqdori 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 1,9 mlrd dollarni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 127 mln dollarga kam.
Eng katta mablag‘ Rossiyadan yuborilgan —6,4 mlrd yoki umumiy o‘tkazmalarning 78 foizi. Qolgan 1,8 mlrd Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston va Litvadan kelgan.





