
Xotira: 2025 yilda O‘zbekiston kimlarni yo‘qotdi?
2025 yilda davlat va harbiy tizim vakillari, san’at va madaniyat arboblari, jurnalistlar, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilgan fidoyi insonlar vafot etdi. Vaqt.uz marhum jamoat arboblari haqidagi asosiy ma’lumotlarni jamladi.

2025 yil davomida mamlakat hayotida muhim o‘rin tutgan va turli sohalarda faoliyat ko‘rsatgan bir qator shaxslar vafot etdi. Ular orasida O‘zbekiston Kompartiyasining sobiq kotibi Ra’no Abdullayeva O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov, qishloq ho‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov, O‘zbekiston Qahramonlari Azim Latipov va Abduraim Homidov, iqtidorli yosh jurnalist Alisher Ro‘zioxunov fahriy futbolchi To‘lagan Isoqov bor.
Vaqt.uz ushbu shaxslarni xotirlab, faoliyati haqida yoritdi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining mafkura bo‘yicha sobiq kotibi Ra’no Abdullayeva 12-yanvar kuni 89 yoshida vafot etdi

U 1935 yil 16-sentabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1970−1987 yillarda R.Abdullayeva O‘zbekiston SSRda eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan.
1987 yilda u «paxta ishi» bo‘yicha hibsga olingan. Keyinroq oqlangan, tergov paytida uning e’tiroflari katta rezonansga sabab bo‘lgan.
1963−1971 yillarda O‘zbekiston komsomolining birinchi kotibi, so‘ngra O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987 yilgacha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mafkura bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlagan.
O‘zbekiston milliy armiyasi asoschilaridan biri, mamlakatning ilk mudofaa vaziri Rustam Ahmedov joriy yilning 12 октябр kuni 82 yoshida vafot etdi

Rustam O‘rmonovich Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. General-polkovnik 40 yildan oshiq vaqt davomida Qurolli Kuchlar tizimida ishlagan:
1966 yildan 1972 yilgacha Boltiqbo‘yi qo‘shinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qo‘shinlar tankchilar batalyoni komandirining siyosiy bo‘lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida;
1972 yildan 1986 yilgacha Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalyonida komandirning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda batalyon komandiri lavozimlarida;
1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari–shtab boshlig‘i lavozimida;
1991 yildan 1992 yilgacha bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri, O‘zbekiston Milliy gvardiya qo‘mondoni;
1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Rustam Ahmedov bir qator medallar, II darajali «Shon-sharaf» va «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston birinchi prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov 29 sentabr kuni 94 yoshida vafot etdi

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi, fuqarolar muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir, Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi kabi lavozimlarda ishlagan.
Jo‘rabekov mustaqillikning ilk yillarida ham davlat boshqaruvida faol bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston suv xo‘jaligi tizimida maslahatchi sifatida faoliyatini davom ettirdi.
Uning xizmatlari davlat tomonidan yuksak mukofotlar bilan e’tirof etilgan. Jumladan: «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni, «El-yurt hurmati» ordeni, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni, «Do‘stlik» ordeni, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni va «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Taniqli tilshunos olim, o‘zbek tili jonkuyari Baxtiyor Isabek 9 noyabr kuni 80 yoshida vafot etdi

Baxtiyor Isabek 1945 yilda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyati, Sulton Rabot qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1961–1966 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.
U 1966 yilda ilmiy faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasida laborant sifatida boshlagan. Keyinchalik, 1968–1993 yillar mobaynida sobiq Toshkent davlat universitetida (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida ishlab kelgan.
Olimning ilmiy izlanishlari va jamoatchilik faoliyati, ayniqsa, o‘zbek tilining maqomini yuksaltirish yo‘lidagi harakatlari bilan bog‘liq deyish mumkin.
Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov 26-fevral kuni 32 yoshida vafot etdi.
Alisher Ro‘zioxunov bir necha yil davomida O‘zbekistonning qator nashrlarida faoliyat olib borgan. Jumladan, «Kun.uz», «Gazeta.uz», «Bugun.uz» saytlaridagi maqolalari bilan omma e’tiboriga tushgan. Ro‘zioxunov, shuningdek, «Aksent» loyihasida ham faoliyat olib borgan.

«Alisher haqiqatda kuchli, noyob jurnalist edi. Xabarni seza oladigan, his qila oladigan, yaxshi fikrlaydigan jurnalist sifatida bildik.
Shaxsan o‘zim ham jurnalistika sohasiga Alisherdan keyin kirib kelganman. «Kun.uz» saytidagi birgalikda borgan faoliyatimizda bergan maslahatlari, bergan bilimlari, ko‘rsatmalari ko‘p edi. Faoliyati davomida Alisher juda ko‘p yangi jurnalistlarga ustozlik qilardi. Alisher nafaqat o‘zi kuchli jurnalist edi, balki o‘ziga o‘xshagan kuchli jurnalistlarni tarbiyalay olishi bilan ham qobiliyatli edi. Masalan, bugun o‘zbek jurnalistikasida manaman degan so‘ziga ega yoshroq jurnalistlardan qaysi birini aytsangiz albatta, ular Alisher bilan gaplashgan, Alisherdan maslahat olgan, nimadir o‘rgangan bo‘lib chiqadi», deya fikr bildirdi marhumning do‘sti jurnalist Ilyos Safarov.
Jurnalist va bloger Jasur Hamroyev 5-aprel kuni qand kasali tufayli 42 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. U «Shov-shuv.uz» loyihasiga asos solgan.

Jasur Hamroyev 1983 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U internet jurnalistikasi sohasida faoliyat yuritgan va «Shov-shuv.uz» loyihasining asoschisi hamda bosh muharriri bo‘lgan. Uning bu sohadagi yutuqlari keng jamoatchilikka tanilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Yakkasaroy kengashi raisi sifatida ham faoliyat olib borgan. Bu lavozimda jamiyatda ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlash borasida o‘z hissasini qo‘shgan.
Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipov 6-iyun kuni 74 yoshida vafot etdi
U 1951 yil 6-iyun kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1971 yilda chorvachilik mexanigi sifatida boshlagan. U paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilik sohalarida faoliyat yuritib, dehqonchilikda eski qovun navlarini qayta yaratish va hosildorlikni oshirishga hissa qo‘shgan.

1996 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan, 2002 yilda esa O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan. Uch marta Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylangan va 2004–2019-yillarda Senatning Agrar, suv masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib borgan. 2004 yildan boshlab Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida ham xizmat qilgan.
O‘zbekiston Qahramoni, fermerlik harakatining fidoyi vakillaridan biri Abduraim Homidov 11-dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi
Abduraim Homidov 1943 yilda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda «O‘zbekiston» jamoa xo‘jaligida mexanizator sifatida boshlagan. Keyinchalik shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida faoliyat yuritgan, 2007 yildan esa «Shahand humo qushi» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.

Fermerlik harakatining faol va tashabbuskor vakillaridan biri sifatida Abduraim Homidov paxtadan yuqori hosil olish borasida o‘ziga xos amaliy maktab yaratgan, tajribasi orqali ko‘plab fermer va dehqonlar uchun namuna bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan xizmatlari uchun u 1993 yilda «O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i», 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2004 yilda esa yurtimizning oliy mukofoti — «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
«Otalar so‘zi—aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvining boshlovchisi sifatida tanilgan rejissor Mirabbos Mirzaahmedov 2-noyabr kuni 84 yoshda vafot etdi
Mirabbos Mirzaahmedov 1941 yil 30-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Teleradio sohasidagi ijodiy faoliyatini bundan 60-yil muqaddam — 1965 yilda boshlagan.

«Bahor qaytmaydi», «Qalbingga quloq sol», «Dunyoning ishlari», «Inson sadoqati», «Billur qandillar», «E’tirof» kabi ellikdan ziyod videofilmlarni, «Buni hayot deydilar» turkum ko‘rsatuvlarini tasvirga olishda bosh-qosh bo‘lgan.
Yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» loyihasi rejissori va boshlovchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Mirabbos Mirzaahmedov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni, «Mehnat shuhrati» va «Do‘stlik» ordenlari bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayev 26-avgust kuni 81 yoshida vafot etdi
San’atkor 1944 yilda Boysun tumanida tug‘ilgan. Ilk mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan Boltayev 1968 yilda Termiz davlat pedagogika institutida tahsil olgan. U baxshichilik sirlarini mashhur ustoz Xushboq baxshi Mardonaqulovdan o‘rgangan.

Shoberdi baxshi yoshligidan do‘mbira chalishga qiziqib, yetti yoshidan turli termalarni ijro eta boshlagan. Uning ilk termasi «Oypari», birinchi dostoni esa «Nurxonning yutilishi» bo‘lgan. Keyinchalik «Alpomish», «Oltin qovoq», «Kuntug‘mish», «Suluvxon», «Malla savdogar» kabi ko‘plab doston va termalarni repertuariga kiritgan.
U 1983 yil Shaxrisabzda o‘tgan respublika baxshilar ko‘rigida 3-o‘rin, 1989 yil Denovda 1-o‘rinni olgan. 1990 yil Qozog‘istondagi «Oltin olma» festivalida ham taqdirlangan. 1991 yil Toshkentda Markaziy Osiyo baxshilar ko‘rigida oliy mukofotga sazovor bo‘lgan.
Shoberdi Boltayev 1993 yil Prezidentning faxriy yorlig‘iga, 2002 yil «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoniga, 2007 yil esa «El-yurt hurmati» ordeniga sazovor etilgan. Uning «Oyparcha» termasi va «Malla savdogar» dostoni kitob holatida nashr etilgan.
O‘zbekistonning sobiq madaniyat vaziri, arxeolog Zafar Abdullayevich Hakimov 27-may kuni 83 yoshida vafot etdi
Zafar Hakimov turli yillarda mas’ul va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. U O‘zbekiston Badiiy fondiga rahbarlik qilgan, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi va Prezident devoni tuzilmalarida ishlagan, Madaniyat vaziri, «O‘zteleradiokompaniya» raisi, shuningdek, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» nashriyotining yetakchi ilmiy muharriri bo‘lgan.

U tarix, arxeologiya va arxitektura yo‘nalishlarida 50 dan ortiq ilmiy asarlar — maqolalar, monografiyalar va o‘quv qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi. 1970–1979-yillarda sovet-afg‘on arxeologik ekspedisiyasi tarkibida Afg‘oniston shimolida o‘nlab qadimiy voha va manzillarni aniqlagan.
O‘zbekiston xalq artisti, teatr va dublyaj aktyori Yoqub Ahmedov 30-oktabr kuni 87 yoshda vafot etdi
Mashhur san’atkor 1938 yilning 3-yanvar kuni Namanganda tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgandan so‘ng 1958-yildan beri Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatri aktyori, 1992 yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Yoqub Ahmedov uzoq yillar shu ijodiy jamoada ishlash jarayonida 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynadi. Aktyor dastlab Uyg‘unning «Parvona» asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini o‘ynagan.
Yoqub Ahmedovni keng san’at muxlislariga tanitgan ilk obraz — bu Turob To‘la ssenariysi asosida, rejissyor Yo‘ldosh A’zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Shundan keyin Yoqub Ahmedov kinoda 30 ga yaqin obraz yaratib, o‘zbek kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, Yoqub Ahmedov «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz bergan.
Xonanda, Zulfiya mukofoti sovrindori Shirin Abdullayeva 19 yoshida kasallik tufayli vafot etdi
Abdullayeva 2005 yil 14-dekabrda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan. U tadbirkor Bahodir Abdullayevning qizi.

2023 yilda san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Shirin Abdullayeva Pekindagi Shinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgandi. 2024 yilda o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan. Universitet Abdullayevani «O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi» deya ta’riflagan.
«Shaolin jang san’atini o‘rgangan. Rus, xitoy, ingliz tillarini mukammal egallagan. Bir qator kinolarda rol ijro qilgan. Kliplari internetda ancha tanilgan. Xitoy universitetida 100 foizli grant bilan o‘qiyotgandi… Beg‘ubor qiz edi. Hamkorlikda qo‘shiqlar yaratgandik», — deya ta’ziya bildirdi xonanda ijro etgan bir nechta qo‘shiqlarning so‘zlari muallifi, shoir Bobur Bobomurod (jumladan, «Tashakkur» qo‘shig‘i).
Futbol faxriysi, jarohati sabab 1979 yilgi «Paxtakor» halokatidan omon qolgan To‘lagan Isoqov 8-noyabr kuni 76 yoshida vafot etdi.

To‘lagan Isoqov 1949 yil 8-oktabrda Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. U futbolchi sifatida «Paxtakor» jamoasi sharafini 13 mavsum davomida himoya qilgan, 252 o‘yinda maydonga tushib, 52 gol kiritgan.
1979 yilda samolyot halokati ro‘y berishidan avval olgan jarohati tufayligina murabbiylar Isoqovni Minsk safariga olib ketmaslikka qaror qilishgan. «Paxtakor» jamoasi halokatidan so‘ng futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
U murabbiylik faoliyatida davomida «Paxtakor», «Zarafshon» va «Surxon» jamoalarini boshqargan, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘FA faxriylar kengashiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.
2021 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» unvonini olgan.
Teglar






