
Yangi haftada jaziramali kunlar saqlanib turadi
19.07.2025 | 22:0035663
Kelgusi hafta O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo asosan kam bulutli va quruq kelishi kutilmoqda. Bir qator viloyatlarda harorat +45 darajagacha, shamol tezligi esa soniyasiga 18 metrgacha yetishi mumkin.

UzHydroMet ma’lumotlariga ko‘ra, 21–24 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo biroz bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi harorat +40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Shamolning kuchayishi fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham shunga o‘xshash ob-havo sharoiti saqlanib qoladi. Kechalari +24…+29 darajagacha, kunduzi esa +38…+43 darajagacha issiq bo‘ladi. Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkentda 21–22 iyul kunlari harorat +38…+43 darajagacha ko‘tarilishi, 23–24 iyul kunlari esa +36…+41 daraja atrofida bo‘lishi aytilmoqda.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ob-havo yanada issiq kechishi mumkin. 21–22 iyul kunlari harorat +40…+45 darajagacha yetishi mumkin, keyingi ikki kunda bu ko‘rsatkich biroz pasayib, +38…+43 daraja atrofida bo‘ladi.
Andijon, Namangan va Farg‘onada ham havo biroz bulutli, lekin yomg‘irsiz va issiq bo‘ladi. Harorat +35…+40 darajagacha yetishi mumkin. Shamol tezligi 5–10 m/s atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Respublika tog‘li hududlarida kunduzi harorat +30…+35 daraja atrofida bo‘lishi, keyinchalik +27…+32 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Kechalari +19…+24 darajagacha salqinroq bo‘lishi mumkin. Ba’zi joylarda shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha kuchayishi ehtimoli bor.





