
Yaponiyada «ijaraga buvi» xizmati ommalashmoqda
12.07.2025 | 11:002463
Yaponiyada keksa ayollar endi mehribonlik va tajriba orqali pul ishlamoqda. Inflyatsiya va turmush xarajatlari ortishi fonida «ijaraga buvi» xizmati keksalar uchun ham daromad, ham ijtimoiy faollik manbai bo‘lmoqda. Mazkur tashabbus 2011 yilda Client Partners kompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan va hozirgi kunda «OK Obaachan» («Xo‘p, buvijon») nomi bilan mashhur.

Ushbu xizmat doirasida mijozlar soatiga 3000 iyen (taxminan 20 dollar) to‘lab, 60 yoshdan 94 yoshgacha bo‘lgan ayollarni vaqtincha «ijaraga» oladi. Ular uy ishlariga yordam berish, bolalarni qarash, ruhiy qo‘llab-quvvatlash, yoki oilaviy nizolarni hal qilishda vositachilik qilish kabi turli vazifalarni bajaradi. Shu bilan birga, xaridorlar buvining yo‘l xarajatlarini ham to‘laydi.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, xizmat turlari juda keng: shaxsiy suhbatdosh bo‘lishdan tortib, ovqat tayyorlashni o‘rgatish, hatto ajrashayotgan juftliklarga yordam berishgacha qamrab olinadi.
Yaponiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil sentyabr holatiga ko‘ra, 65 yoshdan oshganlar soni 36,25 mln nafarga yetgan. Bu esa mamlakat aholisining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Shuningdek, keksalarning qariyb 25 foizi ish bilan band.
Yashash qiyinlashib borishi tufayli keksa odamlar ham hayot uchun kurashmoqda. Masalan, CNN xabar qilishicha, 81 yoshli bir ayol nafaqasi yetarli bo‘lmagani uchun ataylab do‘kondan oziq-ovqat o‘g‘irlagan va shunday qilib qamoqqa tushib, u yerda bepul ovqat va tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo‘lgan.





