Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin Dubay aksiyalari 20 foizdan ortiq arzonlashdi

Bugun 19:203 daqiqa

Urush boshlanishidan oldin esa Dubay aksiya bozori qariyb olti yil davomida taxminan 300 foizga o‘sgan edi.

Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin Dubay aksiyalari 20 foizdan ortiq arzonlashdi

Dubayda aksiyalar Yaqin Sharqdagi urush fonida «ayiq bozor» (bear market) darajasiga tushib qoldi. Bu haqda «Bloomberg» xabar bermoqda.

«Ayiq bozor» aktivlar (aksiyalar, kriptovalyutalar va boshqalar) narxi uzoq vaqt davomida pasayadigan davr bo‘lib, odatda investorlar pessimizmi va iqtisodiy pasayish bilan birga kechadi. Bu bozorda uzoq muddatli tushish va salbiy kayfiyat hukmron bo‘lgan davr.

Dubay bilan bog‘liq holatda nizo energetika sohasi, dengiz tashuvlari, ko‘chmas mulk va turizm tarmoqlarida jiddiy beqarorlik keltirib chiqardi. Eng katta yo‘qotishlarni dubaylik developerlar ko‘rdi, ularning aksiyalari qiymati taxminan uchdan bir qismiga tushib ketdi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, agar vaziyat barqarorlashsa, investorlar uchun aktivlarni arzon narxda sotib olish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Kutilgan holat

«Dubai Financial Market General Index» fevral oyidagi maksimal darajadan 21 foizga tushdi, 16-mart kuni esa indeks yana 3,2 foizga pasaydi. Agar savdo shu darajada yopilsa, Dubay aksiya bozori «ayiq bozor» bosqichiga o‘tadi. Yil boshidan beri Dubay birjasi indeksi 14 foizdan ortiq qiymatini yo‘qotgan.

Urush boshlanganidan beri eng ko‘p zararni Dubayning yirik developer kompaniyalari aksiyalari ko‘rdi:

«Emaar Properties» – 34 foizga arzonlashdi

«Emaar Development» – 35 foizga tushdi

Bu kompaniyalar turarjoy va tijorat ko‘chmas mulki qurilishi bilan shug‘ullanadi.

Urush boshlanishidan oldin Dubay aksiya bozori qariyb olti yil davomida taxminan 300 foizga o‘sgan. Bu o‘sish iste’molning oshishi, turizmning rivojlanishi, ko‘chmas mulk bozoridagi bum, moliyaviy xizmatlar sohasining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Bu pasayish kutilgan edi va u barcha tarmoq indekslarida kuzatilmoqda. Shuning uchun u mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni to‘liq aks ettiradi», – deydi «Kamco Investment» tadqiqot va strategiya bo‘limi rahbari Junaiy Ansari.

Uning fikricha, vaziyat barqarorlashgach investorlar uchun aktivlarni katta chegirma bilan sotib olish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Pentagon avval Eronga qarshi kampaniya 4–6 hafta davom etishi mumkin deb hisoblagan. 14-mart kuni esa Donald Tramp «NBC News»ga bergan intervyusida Eron kelishuv tuzishni istayotganini bildirdi. Ammo Tehron bu bayonotni rad etdi.

15-mart kuni Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Kevin Hasset «CBS» telekanaliga bergan intervyusida AQSH operatsiyasi rejadan tezroq ketayotganini aytdi.

Imijga tahdid

«Bloomberg» yozishicha, Dubay aksiya bozoridagi ommaviy sotuvlar fevral oxirida AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan keyin boshlangan.

Tehron esa bunga javoban Fors ko‘rfazi davlatlariga hujumlar uyushtirdi. Nizo mintaqada havo qatnovlarini izdan chiqardi, dengiz tashuvlari uchun xavflarni kuchaytirdi va neftning jahon narxlarini oshirdi.

Strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakat urush boshlanganidan beri deyarli to‘xtab qolgan.

Urush uchinchi haftaga kirgani sayin, u Dubayning dunyodagi eng notinch mintaqalardan biridagi xavfsiz iqtisodiy markaz sifatida shakllangan imijiga tahdid solmoqda.

Bugun, 16-mart kuni Dubay xalqaro aeroportida dron bilan bog‘liq hodisa sabab bir necha soatga parvozlar to‘xtatildi. «Flightradar24» ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim samolyotlar zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi, boshqalari esa jo‘natilgan manzillariga qaytarildi. Bu reyslar orasida O‘zbekiston, Britaniya, Pokiston va Hindistondan kelayotgan samolyotlar ham bor edi.

Teglar

Mavzuga oid

Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin Dubay aksiyalari 20 foizdan ortiq arzonlashdi | Vaqt.uz