Yashil energiya neft davrini yengyaptimi? Yangi inqiroz dunyoni o‘zgartirmoqda
Eron bilan bog‘liq urush ortidan yuzaga kelgan yangi energetik inqiroz neft va gazga qaramlikni yana bir bor savol ostiga qo‘ydi. Dunyo davlatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirar ekan, elektromobillar va quyosh energiyasi global bozorda hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Donald Tramp elektromobillarni yoqtirmaydi va shamol turbinalarini ham xush ko‘rmaydi. U Qo‘shma Shtatlarda «yashil energetika»ni cheklashga harakat qiladi va amerikalik neftchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo natijada aynan uning sa’y-harakatlari tufayli dunyo miqyosida yashil kelajak neft-gaz o‘tmishidan ustun kelishi mumkin, deb yozadi «BBC».
Buning sababi shundaki, Donald Trampning Eron bilan urushi yangi energetik inqirozni keltirib chiqardi va u oldingilariga qaraganda ham kattaroq bo‘lishi mumkin. Hozircha bu inqirozdan eng yaxshi chiqayotgan davlatlar – avvalgi saboqlarni, xususan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi orqali yuzaga kelgan inqirozdan keyin xulosa chiqarib, elektromobillar va quyosh energiyasiga sarmoya kiritgan mamlakatlardir.
«Yashil inqilob»ning yetakchilari – Xitoy va Yevropa Ittifoqi. Xitoy dunyo fabrikasi bo‘lib, energiya resurslari importiga qaram va AQSH bilan global iqtisodiy yetakchilik uchun raqobatda energetik mustaqillikka intiladi. Yevropa Ittifoqi asosiy energiya ta’minotchisi bo‘lgan Rossiyani yo‘qotdi. Rossiya esa neft va gaz ta’minotini Yevropa ustidan siyosiy va iqtisodiy bosim vositasi sifatida ishlatishga uringan.
Neft va gazdan shamol va quyosh kabi energiya manbalariga o‘tish natijalari yaqqol ko‘rinmoqda. AQSHning Eronga hujumidan keyin Yevropada gaz narxi 30 yevrodan 50 yevro/MVt·soatgacha oshdi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi paytida esa u 300 yevroga yetgan edi. Xitoy esa nafaqat neft va gaz uchun ortiqcha to‘lamaydi, balki Rossiyadan olingan suyultirilgan gazni Yaponiyaga qimmat narxda qayta sotmoqda, chunki unda global inqirozga qaramay yetarli energiya mavjud.
Buning barchasi qayta tiklanuvchi manbalar – quyosh panellari, shamol turbinalari va gidroelektrostansiyalar, shuningdek, avtotransportdagi inqilob tufayli amalga oshmoqda.
Elektromobillar qancha neft tejayapti?
Xitoy ommaviy ravishda elektromobillarga o‘tib, dunyoda ularning eng yirik eksportchisiga aylandi. O‘tgan yili Xitoyda elektr avtomobillari savdosi 2021-yilga nisbatan to‘rt baravarga oshdi va butun qolgan dunyodagi sotuvlardan ham yuqori bo‘ldi.
Transportni elektrlashtirish neft inqirozi bilan bevosita bog‘liq. «BloombergNEF» tahlilchilari hisob-kitobiga ko‘ra, faqat elektromobillarga o‘tish hisobiga o‘tgan yili dunyo bo‘ylab kuniga 2,7 mln barrel neft tejalgan. Ular prognoziga ko‘ra, yana to‘rt yil ichida bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshadi.
Taqqoslash uchun: Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokada qilinishi natijasida dunyo urushdan oldin iste’mol qilingan 105 mln barrel neftdan 10–12 mln barrelni yo‘qotdi. Boshqacha aytganda, agar Eron bilan urush Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi bilan bir vaqtda yuz berganida, tanqislik yanada kuchli bo‘lar va narxlar yanada yuqoriga ko‘tarilar edi.
Bu statistikaga boshqa tomondan ham qarash mumkin: G‘arb davlatlari neft shokini yumshatish uchun zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan darajada strategik zaxiralardan neft sotishga qaror qildi. Rejalashtirilgan intervensiyalar hajmi – kuniga taxminan 3 mln barrel, 4–5 oy davomida.
Agar elektromobillar bo‘lmaganida, bu hajmni ikki baravarga oshirishga to‘g‘ri kelar edi, bu esa eksport infratuzilmasi cheklovlari sababli amaliy jihatdan imkonsiz. Demak, bugun neft narxlari yanada yuqori bo‘lar edi.
Gaz bilan xayrlashuv
Xitoy elektromobillarga o‘tish va Gobi cho‘lini quyosh panellari bilan qoplash orqali energetik xavfsizlikni ta’minlashga harakat qildi, ya’ni Yaqin Sharqdan, shuningdek, Rossiya, Avstraliya va AQSHdan neft importiga qaramlikni kamaytirishni maqsad qildi. Yevropa Ittifoqi ham xuddi shuni amalga oshirib, Rossiya neft-gaziga bog‘liqlikdan qutulishga intildi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan geosiyosiy omillar o‘rnini iqtisodiy manfaatlar egalladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalari arzonlashdi va yanada ommalashdi. Hatto subsidiya va dotatsiyalarsiz ham shamol turbinalari, akkumulatorlar va elektromobillar an’anaviy yoqilg‘i va transport turlariga jozibador muqobil bo‘lib chiqdi.
Rossiya sabab bo‘lgan 2021-2022-yillar energetik inqirozidan beri quyosh panellari va shamol turbinalari narxi 20 foizdan ortiqqa arzonlashdi, ularning samaradorligi esa oshdi. Hozir ularni qurish va ishga tushirish ko‘mir, gaz, gidro va ayniqsa atom elektrostansiyalariga qaraganda osonroq, tezroq va arzonroq.
Dastlab shamol va quyosh energiyasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash ramzi sifatida qaralgani uchun, ko‘plab davlatlar qimmatga tushadigan o‘tish jarayonini shoshilmay amalga oshirishni ma’qul ko‘rdi va «iflos» ko‘mirdan «toza» quyosh va shamolga o‘tishda o‘tish davri yoqilg‘isi sifatida tabiiy gazdan foydalanishni rejalashtirdi.
Yaqin Sharqdagi yangi urush esa bu strategiyani shubha ostiga qo‘ydi. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopdi, bu orqali Qatar jahon bozoriga tabiiy gazning taxminan 20 foizini yetkazib berar edi. Endi esa Qatar gazining sobiq iste’molchilari yana ko‘mirdan foydalanishga majbur, chunki u mahalliy resurs bo‘lib, import talab qilmaydi.
Biroq qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish bo‘yicha umumiy strategiya o‘zgarmadi – faqat taktika o‘zgardi.
«Avvalgi inqirozda asosan Yevropa jabr ko‘rgan edi, bu gal esa butun dunyo. Balki endi ko‘plab davlatlar o‘tish davri sifatida gazdan foydalanish bosqichini o‘tkazib yuborar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tar, shu bilan birga energiya balansda ko‘mirni saqlab qolar», – deydi Kolumbiya universitetidan Anna-Sofi Korbo.
Kim to‘laydi: hamma birgalikdami yoki har kim alohida?
«Xulosa aniq: gaz generatsiyasini qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan almashtirgan davlatlar hozir neft va gaz narxlari o‘sishiga kamroq zaif», – deb yozadi «Bruegel» tahlilchilari.
Biroq «yashil» texnologiyalar iqtisodiy jihatdan jozibador bo‘lishi bilan hukumatlar dotatsiyalarni qisqartirdi va qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish sekinlashdi.
«2022 va 2023-yillarda gaz narxlari elektr energiyasi narxlaridan tezroq o‘sgan paytda, Yevropa bo‘ylab issiqlik nasoslari savdosi o‘sdi. Ammo 2024 va 2025-yillarda o‘sish sur’atlari sekinlashdi va Yevropa komissiyasi issiqlik nasoslarini o‘rnatish rejasini qisqartirdi», – deb misol keltiradi «Bruegel».
Ammo yangi muammo – Yaqin Sharqdagi urush paydo bo‘ldi. Bu esa davlat qo‘llab-quvvatlovi masalasini yana kun tartibiga qaytardi.
«Hozirgi energetik inqiroz 1970-yillardagi neft shokini ham ortida qoldirishi mumkin, o‘sha paytda u muqobil energiya manbalariga o‘tish uchun katalizator bo‘lgan edi. Biroq buning uchun islohotlar zarur», – deydi Kolumbiya universitetidan Jeyson Bordov.
Ayrim davlatlar allaqachon «yashil inqilob»dagi ortda qolishni qoplash uchun muayyan islohotlarga o‘xshash choralarni e’lon qildi. Masalan, Britaniyada shu paytgacha Germaniya, Nepal va boshqa davlatlarda erkin sotiladigan ko‘chma quyosh panellari taqiqlangan edi. Bunday panelni balkonga yoki tomga o‘rnatib, uy rozetkasiga ulash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish va tarmoqqa tushadigan yukni kamaytirish mumkin.
Faqat endi, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib, neft va gaz narxlari keskin oshgach, Britaniya hukumatlari harakatga keldi. Ular taqiqni bekor qilishni va supermarketlar bilan kelishib, ko‘chma quyosh panellarini olib kelib sotishni rejalashtirmoqda.





