Oliy ta’limda yangi nizom qabul qilindi
O‘zbekistonda oliy ta’limga oid yangi nizom qabul qilinib, talabalar huquqlari kengaytirildi va ta’lim tizimi isloh qilindi.

O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasini tartibga soluvchi yangi nizom tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu hujjat oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv va moliyaviy munosabatlarni qamrab oladi.
Yangi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida esa o‘qish muddati yanada uzaytiriladi.
Ta’lim shakllari kengaydi
Oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi, masofaviy, dual va inklyuziv ta’lim shakllari joriy etiladi. Ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil qilinib, Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
O‘quv dasturlari mehnat bozori talablariga muvofiq ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Bu esa bitiruvchilarning amaliyotga yaqin bilim olishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Talabalar huquqlari mustahkamlandi
Nizom talabalar uchun qator huquqlarni belgilab berdi. Ular ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish va ta’lim jarayoni muhokamalarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, talabalar kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanadi, xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashishi mumkin. Universitet qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, rasmiy shikoyat qilish huquqi ham kafolatlandi.
Talabalar mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, kunduzgi ta’limda o‘qiyotganlar stipendiya oladi. Ayni paytda, ularni o‘qishga aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Shu bilan birga, talabalar ichki tartib-qoidalar va odob-axloq me’yorlariga amal qilishi shartligi ham belgilandi. Bu ta’lim muassasalarida intizom va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Oliy ta’lim muassasalariga esa akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilib, bu tizimda raqobat va sifatni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





