Andijon viloyat hokim o‘rinbosari 50 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari yer ajratish evaziga 50 ming dollar pora talab qilgani uchun tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Bu haqda «Vaqt.uz»ning Andijon viloyati hokimligidagi manbasi ma’lum qildi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 2026 yil 4-aprel kuni S.R. Tillavoldiyevning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Ismanov Isomiddin Baxriddinovich pora bilan qo‘lga olindi.
Tergovga ko‘ra, u fuqaro S.R. Tillavoldiyevga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Andijon viloyati Bobur shahri hududida joylashgan 20 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ushbu jarayonda yerni auksionga chiqarish va keyinchalik uni ariza muallifi nomiga o‘tkazish masalasini hal qilib berishini bildirgan.
Xizmat haqi
Mazkur xizmatlar evaziga har bir sotix yer uchun 2 500 AQSH dollaridan, jami 50 000 dollar miqdorida pora talab qilingan. Ushbu pul mablag‘lari kimyoviy ishlov berilgan holda tezkor tadbir doirasida topshirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, Ismanov pulni Andijon shahri «Dalvarzin» mahallasidagi o‘z uyida qabul qilayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu holat tezkor tadbir jarayonida qayd etilgan.
Ayblovlar
Mazkur holat yuzasidan 2026 yil 5-aprel kuni I.B. Ismanovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan 030022/2026-4-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
B. Ismanov JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, Andijon viloyati IIB JXX JTSB VSXga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, I.B. Ismanov 2022–2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, 2025 yil may oyidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti, tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2025 yil dekabr oyida kadrlarning amaldagi zaxirasiga o‘tkazilib, Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.





