add

Yevroittifoq ichki yonuv dvigatelini to‘liq taqiqlashdan voz kechdi

Bugun 09:381412 daqiqa

Yevrokomissiya 2035 yildan dvigateli ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni to‘liq taqiqlash rejasini qayta ko‘rib chiqdi va emissiyani qisqartirishga asoslangan yondashuvni tanladi.

Yevroittifoq ichki yonuv dvigatelini to‘liq taqiqlashdan voz kechdi

Yevrokomissiya avtomobil sohasida ekologik o‘tish bo‘yicha rejalarini rasman qayta ko‘rib chiqdi. Ilgari 2035 yildan boshlab Yevropa Ittifoqida yangi dvigateli ichki yonuv dvigatelli (IYD) avtomobillar sotuvini to‘liq taqiqlash rejalashtirilgan edi. Biroq avtosanoat vakillari va yirik ishlab chiqaruvchilarning bosimi ortidan ushbu qaror yumshatildi.

Yangilangan yondashuvga ko‘ra, 2035 yildan keyin avtomobil ishlab chiqaruvchilar chiqindilarni to‘liq yo‘q qilish emas, balki ularni 90 foizga qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichni bajarishi shart bo‘ladi. Qolgan 10 foiz chiqindilar esa kompensatsiya mexanizmi orqali qoplanadi. Xususan, Yevroittifoqda ishlab chiqarilgan past uglerodli po‘latdan foydalanish, elektr yoki bioqo‘shimchali yonilg‘ilardan kengroq qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Bu qaror hibrid avtomobillar hamda muayyan shartlar asosida ichki yonuv dvigateliga ega modellar 2035 yildan keyin ham bozorda qolishiga imkoniyat yaratadi. Shu tariqa Yevroittifoq to‘liq elektromobillar va vodorod transport vositalariga o‘tish bilan birga, o‘tish davrida muqobil texnologiyalarni saqlab qolishni ma’qul ko‘rdi.

Avtosanoat ushbu qarorni ijobiy qabul qildi. Volkswagen kompaniyasi Yevrokomissiyaning yangilangan pozitsiyasini «bozor sharoitiga mos, pragmatik yechim», deya baholadi. Kompaniya fikricha, chiqindilarni kompensatsiya qilish orqali IYDga ruxsat berish ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qaror Yevropa avtosanoatini keskin o‘zgarishlardan asrab, ishlab chiqarish zanjirlari va ish o‘rinlariga bo‘lgan bosimni yumshatishi mumkin. Shu bilan birga, ekologik maqsadlardan voz kechilmayapti: asosiy e’tibor chiqindilarni real kamaytirish va sanoatni «yashillashtirish»ga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid