
Yevropa olimlari qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirishga erishdi
28.05.2025 | 09:4038253
Yevropaning Katta adron kollayderida olib borilgan tajribada olimlar qo‘rg‘oshin atomini oltinga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda ABC News nashri ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, olimlar yuqori energiyali tezlatkich yordamida qo‘rg‘oshin atomidan uchta protonni chiqarib tashlash orqali oltin atomi hosil qilgan. Bunday yadroviy o‘zgarish «fotoyadro reaksiyasi» deb ataladi va juda qisqa vaqtda amalga oshgan. Tajriba vaqtida taxminan 86 milliardta oltin yadrosi yaratilgan. Biroq ularning umumiy massasi bor-yo‘g‘i 29 pikogrammni tashkil etgan. Bu miqdor juda oz bo‘lib, tezda parchalanib ketgan.
Olimlar ushbu natijani faqat nazariy jihatdan muhim deb baholashmoqda. Chunki amalda bunday yo‘l bilan oltin ishlab chiqarish samarasiz hisoblanadi. Tayyor mahsulot kam va uni olish jarayoni qimmatga tushadi.
Shu bilan birga, mazkur tajriba insoniyatning ko‘p asrlik orzusini ilmiy asosda sinab ko‘rishga urinish bo‘ldi. Ma’lumki, ilgaridan alkimyogarlar qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirish ustida ishlashgan. Bu jarayon «xrizopeya» deb atalgan. 1667 yilda shveysariyalik Yohann Fridrix Shveyser bunday o‘zgarishni amalga oshirganini ta’kidlagan, ammo bu ilmiy jamoatchilik tomonidan rad etilgan.





