
Zangezur koridori 99 yilga AQSHga o‘tdi va «Tramp yo‘lagi» deb ataldi
09.08.2025 | 12:0041903
Oq uyda imzolangan Armaniston va Ozarboyjon tinchlik deklaratsiyasi doirasida Zangezur koridorini AQSH nazoratiga berishga kelishdi, loyihaga TRIPP nomi qo‘yildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida imzolangan otashkesim deklaratsiyasi Zangezur (Syunik) koridori bo‘yicha kelishuvni ham o‘z ichiga olishini ma’lum qildi. Koridor 99 yilga AQSH boshqaruviga o‘tib, «Tinchlik va farovonlik yo‘lida Tramp yo‘lagi» (TRIPP) deb nomlandi.
Trampning aytishicha, bu maxsus tranzit hududi Ozarboyjonga Naxichivon orqali o‘z hududlariga to‘liq chiqish imkoniyatini beradi, shu bilan birga Armaniston suvereniteti to‘liq hurmat qilinadi. Armaniston esa AQSH bilan koridorni rivojlantirish bo‘yicha eksklyuziv hamkorlik o‘rnatadi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan loyiha investitsiyalar jalb etish va AQSHning mojarolarni hal etishdagi yetakchilik mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev esa koridorni amalga oshirish ikki davlat munosabatlaridagi to‘siqlarni yo‘qotishini bildirdi.
Vashingtonda o‘tgan uchrashuvda Armaniston va Ozarboyjon to‘liq otashkesim haqida deklaratsiya imzoladi. Shuningdek, AQSH har ikki davlat bilan energetika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.





