
Zargarlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etildi
30.06.2025 | 17:3026004
Prezident qaroriga muvofiq, zargarlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va norasmiy aylanmani qisqartirish maqsadida yangi huquqiy, moliyaviy va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar amalga oshiriladi. Qimmatbaho metallar aylanmasi shaffofligi ta’minlanadi.

2025 yil 26 iyun kuni Prezidentning «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, qimmatbaho metallarni qayta ishlash hajmini yiliga 7 tonnaga, zargarlik buyumlari eksportini 300 million AQSH dollariga yetkazish va norasmiy aylanmani kamida 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.
Zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qator imtiyozlar taqdim etiladi. Qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan xarid qilganda, 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlarga foiz hisoblanmaydi. 91-180 kun oralig‘idagi to‘lovlarga esa yillik 3 foiz foiz qo‘llaniladi.
«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining sayyor xizmatlari zargarlik markazlarida tashkil etiladi. Uyushmaga a’zo bo‘layotgan tadbirkorlar a’zolik badalini 50 foiz chegirma bilan to‘laydi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilish imtiyozi va oltindan yasalgan zargarlik buyumlari chakana savdosida yig‘im bekor qilinadi. Shu bilan birga, 2028 yil 1 yanvargacha zargarlik mahsuloti ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar QQSning 80 foizini avtomatik ravishda qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi.
2025 yil 1 sentyabrdan yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotishga ruxsat beriladi. Shu kundan boshlab Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida zargarlik buyumlarini tekshirish va tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat yo‘lga qo‘yiladi.
Qimmatbaho metallar va toshlarga oid huquqbuzarliklar haqida «Soliq» mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foiz miqdorida mukofot to‘lanadi.
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga zargarlik sohasidagi muammolarni bartaraf etish va rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berganligi hamda joriy yilda xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlarni bir joyda jamlagan 6 ta yangi zargarlik markazini ochish rejalashtirilayotganligi haqida xabar bergan edik.





