
Zelenskiy Andriy Yermakni lavozimidan ozod etdi
U 2020 yil fevralidan beri Ukraina prezidenti devonini boshqarib kelayotgan edi. OAV Yermakni prezidentdan keyin mamlakatdagi ikkinchi eng ta’sirli shaxs deb atagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z devoni rahbari Andriy Yermakni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Ukraina prezidentining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Voladimir Zelenskiy kechki murojaatida Andriy Yermak iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozganini ma’lum qilgandi.
«Men Andreyga minnatdorchilik bildiraman, chunki muzokaralar jarayonida u Ukraina pozitsiyasini doimo to‘g‘ri tarzda ifodalab keldi. Bu har doim vatanparvarlik nuqtai nazari edi. Ammo men mish-mishlar va turli taxminlar bo‘lmasligini xohlayman. Ofisning yangi rahbari masalasiga kelsak, ertaga bu muassasaga rahbarlik qilishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazaman», - dedi Ukraina prezidenti Yermakning iste’fosiga izoh berarkan.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaning xato qilishini juda xohlaydi.
«Biz tomondan xato bo‘lmaydi. Ishlarimiz davom etmoqda. Kurashimiz davom etmoqda. Ishni oxirigacha yetkazmaslikka, orqaga chekinishga yoki janjallashib o‘tirishga haqimiz yo‘q. Birlikni yo‘qotsak — hamma narsani yo‘qotish xavfi bor: o‘zimizni, Ukrainani, kelajagimizni», - deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Andriy Yermak 2020 yil fevralidan beri Ukraina prezidenti devonini boshqarib kelayotgan edi. U Zelenskiyning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanib, OAV uni prezidentdan keyin mamlakatdagi ikkinchi eng ta’sirli shaxs deb atagan.
«Energoatom»dagi o‘g‘irliklar bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi boshlanganidan so‘ng, ko‘pchilik — ham muxoliflar, ham Zelenskiyning safdoshlari prezidentni Yermakni ishdan bo‘shatishga undadi. 20-noyabr kuni Ukraina prezidenti o‘zining «Xalq xizmatkori» partiyasi a’zolari bilan uchrashuvda bunday qilmasligini ma’lum qilgan edi.
28-noyabr kuni ertalab Yermakning uyida «Energoatom»dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha korrupsiyaga qarshi tergov doirasida tintuv o‘tkazildi. U tergov bilan hamkorlik qilishini bildirdi. Natijada Yermakka hech qanday ayblov qo‘yilmadi.





