
Zelenskiy: Ukraina Donbassni bermaydi va adolatli muzokara talab qiladi
18.08.2025 | 08:4031404
Ukraina Rossiyaga o‘z nazoratidagi hududlarni bermaydi va tinchlik muzokaralari frontdagi real vaziyatdan kelib chiqishi kerak, dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen bilan matbuot anjumanida Kiyev Rossiya bilan hech qanday hududiy kelishuvga bormasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbass masalasida Putinning talablari qabul qilib bo‘lmaydi va Ukraina Konstitutsiyasi hech qanday hududni sotish yoki berib yuborishni imkonsiz qiladi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 12 yildan beri Donetsk oblastini egallay olmagan va hozir ham bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Shu sababli, prezident muzokaralar faqat real front chizig‘idan kelib chiqib olib borilishi kerakligini ta’kidladi. «To‘qnashuv chizig‘i — bu eng adolatli yo‘nalish», — dedi u va Yevropa mamlakatlarining bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qildi.
Ukraina rahbari shuningdek, Kremlga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish zarurligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Vladimir Putin Donbassning to‘liq berilishi, Qrimning tan olinishi va Ukraina NATOga qo‘shilishdan voz kechishini talab qilayotgani haqida G‘arb ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Zelenskiy muzokaralar oldidan o‘t ochishni to‘xtatish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama uchrashuv Ukraina, Rossiya va AQSH ishtirokida o‘tkazilishi lozim, ammo hozircha Moskva bunday uchrashuvga tayyorligini namoyon qilmayapti.
18 avgust kuni Zelenskiy Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashadi.
Bloomberg va Sky News ma’lumotlariga ko‘ra, unga Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb va Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni qo‘shiladi. Shuningdek, Ursula fon der Lyayen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham ishtirok etadi. Ushbu muzokaralarda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari, hududiy masalalar va G‘arbning qo‘shimcha yordami muhokama qilinishi kutilmoqda.





