
Zelenskiy: «Xitoysiz Putin Rossiyasining qo‘lidan hech vaqo kelmasdi»
24.09.2025 | 18:0048234
Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashida Xitoyning pozitsiyasi urush taqdirini hal qilishi mumkinligini aytib, Putinni qochoqlikda aybladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashida so‘zga chiqib, Rossiyaning Xitoyga to‘liq bog‘liqligini ta’kidladi. Uning fikricha, Xitoy bugungi urushni to‘xtatish imkoniga ega, ammo unda jimlik va o‘zini chetga olish pozitsiyasi hukm surmoqda.
«Xitoysiz Putin Rossiyasining qo‘lidan hechvaqo kelmasdi. Ammo Pekin tinchlik uchun harakat qilish o‘rniga, hali ham sukutda», — dedi Zelenskiy. U AQSH tomonidan ilgari surilgan barcha tinchlik tashabbuslarini Kiyev qo‘llab-quvvatlaganini, ammo Moskva doimo rad javobini berganini yodga oldi.
Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni shaxsiy muloqotdan qochishda aybladi.
«Bu yerda Rossiya vakili bor, ammo qaror qabul qiladigan kishi yo‘q. U Ukraina va jahon bilan yuzma-yuz o‘tirishdan qo‘rqadi», — dedi u.Ukraina rahbari Putinning xorijiy safarlari ham diplomatiya emas, balki vaqt yutish uchun xizmat qilayotganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbari o‘zini tinchlik istayotgandek ko‘rsatib, amalda urushni cho‘zishga intilayapti. Fox News bilan suhbatda Zelenskiy Kiyev Rossiya bilan bir necha neytral mamlakatlarda — Avstriya, Shveysariya, Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni va Qozog‘istonda muzokara o‘tkazishni taklif qilganini ma’lum qildi. Ammo Moskva bu takliflarga rozi bo‘lmagan. Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan Alyaskadagi sammitdan so‘ng, urushni to‘xtatish uchun ikki yetakchi uchrashishi zarurligini aytgan edi. Biroq Putin Zelenskiy bilan muzokarani «mantiqsiz» deb atadi va Rossiya bosib olgan hududlar masalasida kelishuvga yo‘l yo‘qligini bildirgan. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Putin Alyaskada Trampning urushga jiddiy aralashish niyati yo‘qligini anglab yetgan va bu unga Kiyevni Kreml shartlari asosida muzokaraga majburlash uchun eskalatsiyani kuchaytirishiga turtki bergan.





